Piyodalar o‘tish yo‘lagi aslida odamlar uchun. Ammo bu yo‘lakdan o‘tish piyodalar uchun hayot-mamot kabi murakkab. Chunki piyodaga yo‘l berish madaniyati bizda hali ham yaxshi shakllanmagan.
Ko‘p hollarda, garchi, yo‘lak boshida odamlar turgan bo‘lsa ham ularga parvo qilmay, baland tezlik bilan o‘tadigan haydovchilar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Piyodalar ko‘pincha hamma avtomobillarni o‘tkazib yuborib, keyin yo‘ldan o‘tishga majbur. Gohida piyoda o‘z huquqidan foydalanib, o‘tish yo‘lagiga qadam bosishi xavfli oqibatlarni keltirib chiqarayotgani sir emas.

Hatto svetofor bilan tartibga solingan yo‘llarda ham piyodalarning belgilangan joydan o‘tayotganda baxtsiz hodisaga uchrashi esa umuman kechirilmaydigan holat.
"Spark" rusumli avtomashina baland tezlikda ketarkan, svetoforning qizil chirog‘iga ham e’tibor bermay yo‘lida davom etgan.
Bu paytda svetoforning yashil chirog‘i piyodalar o‘tishiga ishora qilib yonib turgani uchun maktab o‘quvchisi yo‘lni kesib o‘tayotgan edi.
Qizil chiroqqa bo‘ysunmay yo‘lida davom etayotgan haydovchi Sardor esa bolani urib yubordi...
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida bolakay og‘ir tan jarohati oldi. Bir lahzalik beparvolik bir bolaning hayotiga xavf soldi, ota-onasini qayg‘uga botirdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tumani sudining qarori bilan mudhish bir voqeaga huquqiy baho berildi. Sud jabrlanuvchi bolaning qonuniy vakili foydasiga 50 million so‘m miqdorida moddiy zarar undirish haqida qaror chiqardi.
Afsuski, aybdor shaxs sud qarorini o‘z ixtiyori bilan bajarmadi. Sud qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha davlat ijrochilari zarur ishlarni olib bordi.
Qonun ustuvorligini ta’minlash va jabrlangan fuqarolarning huquqlarini tiklash – Majburiy ijro byurosining asosiy vazifasi. Shu bois, ijro ishi darhol qo‘zg‘atilib, tezkor harakatlar boshlandi.
Davlat ijrochisi tomonidan qarzdor bilan jiddiy tushuntirish ishlari olib borildi. Qarzdorlikning og‘ir oqibatlari, qonun oldidagi mas’uliyat va eng muhimi, bolaning haqini qaytarish zarurligi ta’kidlandi.
Natijada qarzdor o‘z xatosini anglab, yo‘l qo‘ygan mas’uliyatsizligi uchun to‘lashi lozim bo‘lgan mablag‘ni to‘lab berdi. Ushbu mablag‘ jabrlanuvchining otasiga topshirildi.
Adolat qaror topdi. Ammo bolaning qalbida bir umrlik bitmas jarohat qoldi.
Yo‘llar aslida, hammaga tegishli bo‘lsada, unda yurishning o‘z qoidalari bor. Ayniqsa, yo‘l harakati qoidalari bajarilishi majburiy ekanligini unutmaylik.
Xorijiy davlatlarda haydovchilar piyodalarga katta hurmat bilan qaraydi. Birinchi navbatda, ularni o‘tkazib yuborib, keyin harakatlanishni oddiy insoniy burch, deb bilishadi. Bu madaniyat bizda ham to‘liq shakllanishi kerak.
Norgul Abduraimova, O‘zA