Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Qorako‘l markaziy dehqon bozori” oldida yer osti piyodalar o‘tish yo‘li qurib foydalanishga topshirildi.
Ayni kunlarda tumanda transport oqimining ortib borishi markaziy hududlarda tirbandliklarni kuchaytirmoqda. Ayniqsa, “Qorako‘l markaziy dehqon bozori” oldida avtomashinalar qatnovining ko‘pligi haydovchilar bilan birga piyodalar uchun ham xavf tug‘diradi. Shu bois bir necha oy avval mazkur yer osti piyodalar o‘tish yo‘li qurilishiga kirishilgandi.

Qurilish jarayonida tuproqdagi zaxlik va yer osti suvlarining yuqoriligi kabi muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi. Tajribada sinovdan o‘tgan texnologiyalar qo‘llandi, drenaj tizimi o‘rnatildi va tunnelning mustahkam, xavfsiz hamda uzoq muddat xizmat qilishi uchun barcha talablar bajarildi. Uzunligi 67 metr, kengligi 4 metr va balandligi 2,5 metr bo‘lgan yer osti piyodalar o‘tish yo‘lida imkoniyati cheklangan fuqarolar bemalol harakatlanishi uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan.
Pudratchi tashkilot “O‘zyo‘lko‘prik klasteri” DM tomonidan 4r75 “4r66 avtoyo‘li-A380 avtoyo‘li-Varaxsha q.-Moxonko‘l dahasi-Qorako‘l sh.” avtomobil yo‘lining 82,2 km qismida bunyod qilingan, umumiy qiymati 8,2 milliard so‘m bo‘lgan mazkur ob’ekt qorako‘lliklar ixtiyoriga topshirildi.
Ochilish marosimida tuman hokimi boshchiligida tashkilotlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida ushbu qurilishda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh quruvchi-yo‘lsozlarga esdalik sovg‘alari topshirildi va mehnati e’tirof etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.