Andijon viloyati hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilishiga qaramay, o‘tgan 2022 yil davomida 845 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Mazkur yo‘l-transport hodisalarining 161 tasi fuqarolar o‘limi bilan yakunlangan.
Tahlillarga ko‘ra, qayd etilgan yo‘l-transport hodisalarining 587 tasi haydovchilar aybi bilan, 258 tasi esa piyodalar aybi bilan sodir etilgan.
Yo‘l-transport hodisalarining 163 tasi bolalar ishtirokida sodir etilganligi, buning natijasida 142 nafar bola tan jarohati olganligi, 21 nafar bola esa bevaqt hayotdan ko‘z yumgani yanada ayanchlidir.
Ana shunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Andijon viloyati hokimining farmoyishi bilan joriy yilning 10 fevralidan 10 martiga qadar viloyatda “Yo‘l harakati madaniyatini oshirish oyligi” o‘tkazilmoqda.
- Oylik doirasida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, piyodalar xavfsizligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilim va tushunchalarini yuksaltirishga, madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib boriladi, - deydi Andijon viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Matbuot xizmati boshlig‘i, kapitan Diyorbek Abdurazzoqov. – Ayni kunlarda oylik doirasidagi ishlar, targ‘ibot tadbirlari belgilangan reja asosida tashkil etilmoqda.
[gallery-10565]
Targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi shaxsiy tarkibi xodimlari viloyatdagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga biriktirildi.
Oylik doirasida piyodalar, xususan, bolalar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi eng ko‘p sodir etilgan Andijon shahri, Bo‘ston, Oltinko‘l, Asaka, Marhamat, Buloqboshi va Ulug‘nor tumanlarida haydovchilar hamda bolalar uchun tadbirlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida uchrashuv, muloqot va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, oylik davomidagi tadbirlar doirasida serqatnov avtomobil yo‘llari, transport harakati ko‘p bo‘ladigan chorrahalarga, yo‘llarning ta’lim muassasalari joylashgan hududlariga yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish choralari ham ko‘rilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA