Huquqiy munosabat
Kundalik hayotimiz, yurish turishimizda shunday xatti-harakatlar borki, biz ularni gohida e’tiborsizlik, gohida esa ongli ravishda amalga oshiramiz. Arzimagan narsadek tuyulgan bu holatning keltirib chiqaradigan oqibatlari esa ko‘pincha kishini og‘ir jarayonlarga solib qo‘yadi.
Xususan, ko‘chalarda piyodalar o‘tish joylarida harakatlanayotganimizda bizdan ko‘proq hushyorlik talab etiladi.
Unutmaslik kerakki, u qanchalik kichik bo‘lmasin, har qanday qayd etilgan huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilangan.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu bo‘yicha tushuntirish berdi.
–O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalari to‘g‘risida”gi qarori 19-bandi, uchinchi xatboshisiga asosan, piyodalar o‘tish joylarida harakatlanayotgan piyodalarga telefondan foydalanish, tele, video mahsulotlarni ko‘rish, radio-audio mahsulotlarni eshitish, kitob yoki davriy matbuot o‘qish hamda e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish taqiqlanadi.
Ushbu harakatlarni sodir etish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 138-moddasi birinchi qismiga asosan, BHMning uchdan bir qismi (113 300 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ularning yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi, e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi, shuningdek moped va velosiped haydovchilarining, ulovli aravani boshqarib boruvchi va yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi ham qonunchiligimizda bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA