Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Piyoda yurish juda foydali
16:48 / 2023-09-22

Mutaxassislar inson kuniga 5-7 kilometr piyoda yursa nafaqat qon tomir, boshqa kasalliklardan ham forig‘ bo‘ladi, degan xulosaga kelgan. Sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya etgan, zararli odatlardan voz kechgan, kunni faol harakat bilan o‘tkazgan kishiga kasallik ham yaqinlashmaydi.

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, boshqarmaning Aholi sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish hududiy bo‘limi, shahar tibbiyot birlashmasi hamda Guliston shahar oila va xotin-qizlar bo‘limi xodimlari tashabbusi bilan shahardagi Ulug‘ yo‘l mahallasi hududidagi 2-oilaviy poliklinikada tashkil etilgan navbatdagi tadbir ham ana shu masalaga qaratildi. 

Shahar tibbiyot birlashmasi tibbiyot xodimlari tomonidan salomatlik maydonchasida tashkil etilgan “Assalom tong” tongi nafas mashqlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirgan bo‘lsa, “Sog‘lom ovqatlanish dasturxoni” orqali aholi vakillariga namoyish etilgan inson salomatligi uchun foydali va foydali bo‘lmagan mahsulotlar ko‘rgazmasi juda foydali bo‘ldi. Eng muhimi, tadbir davomida Ulug‘ yo‘l, Ma’naviyat, Nihol, Madaniyat mahallalari hududida joylashgan aholi xonadonlari orasidan “Ozoda xonadon”, “Sportchilar oilasi”, “Tamakidan xolli xonadon” kabi nominatsiyalar g‘oliblari aniqlanib, ushbu xonadonlarga peshlavhalar taqdim etildi.

Oilaviy poliklinikada “Ayol salomatligi – millat salomatligi” shiori ostida tibbiy ko‘rik tashkil etilib, reproduktiv tizimida muammosi bor xotin-qizlar, tug‘uruq yoshidagi ayollar va bolalar shahar tibbiyot birlashmasi, viloyat davolash profilaktika muassasalarining mutaxassislari ko‘rigidan o‘tkazildi. Sog‘lig‘ida muammosi bor aholi vakillariga shahar, viloyat davolash muassasalariga yo‘llanma berildi. Shifokor nazorati talab etiladigan fuqarolarga maslahat va tavsiyalar berildi. 

Ulug‘ yo‘lda o‘tkazilgan sog‘lomlashtirish tadbirida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza etish bo‘yicha o‘rinbosari Fayzulla Mavlonov, shahar tibbiyot birlashmasi tibbiyot xodimlari, Aholi sog‘lom turmush tarzini qo‘llab quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish hududiy bo‘limi hamda Guliston shahar oila va xotin qizlar bo‘limi xodimlari ishtirok etdi. 

Shuhrat Suyarov, O‘zA