Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pitomniklarda yetishtirilgan hayvonlar hisobidan ov qilishga ruxsat beriladi
13:18 / 2026-02-24

Mamlakatimizda 37 ta ov xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, ularda ov qilish tartib va qoidalariga to‘liq amal qilinmayapti. Endilikda ov qilish va ovchilar tayyorlash tartibi tizimlashtirilib, soha yanada tartibga solinadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ovchilik xo‘jaliklarida bioxilma-xillikni saqlash va ko‘paytirish, ov turizmi infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Qurol to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, qonun loyihasida ov qilish jarayonlari shaffofligini oshirishga qaratilgan normalar aks etmoqda.

Shu bilan birga, ovchilik yo‘llanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalari)ni berish maxsus elektron dastur orqali amalga oshirilishi, ular asosida mavsumiy yoki bir martalik ovni amalga oshirish huquqi taqdim etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Loyiha bilan pitomniklarda yetishtirilgan yovvoyi hayvonlarni ov qilish joylariga qo‘yib yuborish amaliyoti qo‘llab-quvvatlanib, bunday hayvonlar hisobidan ov qilishni tashkil etishga ruxsat berilishi belgilanmoqda. Mazkur yondashuv ov qilish bilan bir vaqtda yovvoyi hayvonlar zaxirasini to‘ldirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklariga biriktirib berilgan ov qilish joylarida amalga oshirilishi belgilanyapti. Bu esa ov qilish ustidan nazoratni kuchaytirish hamda yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish va ularning tabiiy zaxirasini asrashga xizmat qiladi. Shuningdek, ov qilishni rejalashtirish, ruxsat etilgan hududlar va muddatlarni belgilashda yagona tizim asosida ish yuritish nazarda tutilmoqda.

Moddama-modda muhokamalarda qonun loyihasi hayvonot dunyosini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ovchilik madaniyatini oshirish hamda sohani barqaror rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.   

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA