Piskent tumanida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Narimon Umarov tuman hokimligi mas’ullari, faollar va deputatlar bilan uchrashdi.
Unda 2026-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi hamda 2026–2030-yillarga belgilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Suhbatlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, investitsiya muhitini yaxshilash, sanoatni diversifikatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda aholi farovonligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Hujjatda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, tumanni barqaror rivojlantirish masalalari tahlil etildi. Joriy yilda tumanning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, investitsiya dasturlari bajarilishini, aholi va yoshlarning bandligini ta’minlash, kambag‘allikni kamaytirish kabi masalalar tahlil qilinib, zarur vazifalar belgilandi.

Shuningdek, tuman ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasida sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, dori-darmon narxlarini nazorat qilish va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish holati ko‘rib chiqildi.

Prezidentimiz shu yil 13-fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muborak Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash, dehqon bozorlari va yirik savdo komplekslarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergandi. Deputat markaziy dehqon bozori va savdo majmualarida tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini ham ko‘zdan kechirib, narx-navo barqarorligi va aholiga yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.

“Do‘stlik” MFYda “Mahalla yettiligi” faoliyati tahlil qilinib, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.

Uchrashuvlar davomida yangi qabul qilingan qonunlar, shuningdek, Prezident farmon va qarorlarining mazmun-mohiyati saylovchilarga yetkazildi.
A. Musayev, O‘zA