Prezidentimizning 2023 yil 3 avgustdagi “2023-2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Piskent tumani Mingtepa mahallasida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, sektor rahbarlari, viloyat va tumanning agrar soha vakillari, mirishkor bog‘bon, dehqon va fermerlar, agronomlar hamda uzumchilikni tashkil etish niyatida bo‘lgan fuqarolar qatnashdi. 2023-2024 yillarda respublikamizning 51 tuman va shaharlarida “Oltiariq tajribasi” asosida yangi uzum plantatsiyalari, 187 ming 614 gektar maydonda yangi bog‘lar barpo etiladi. Zoyir Mirzayev hududlarning ichki imkoniyatlari va iqlim sharoitidan kelib chiqib yangi bog‘lar barpo etish, tok navlarini yangilash va eksportbop, sara navlar o‘tqazish, bunda Farg‘ona vodiysining oltiariqlik mirishkor bog‘bonlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, kerak bo‘lsa, bog‘bonlarni jalb etib, Piskent tumanidan tajriba maydonlari ajratishga, mevalarni saqlash va eksportga yo‘naltirish imkoniyatlarini oshirishga alohida ahamiyat qaratish haqida o‘z takliflarini bayon etdi.


Shundan so‘ng, Piskent tumani hokimi Nodirbek Yakubov hududda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bo‘yicha axborot berdi. Unga ko‘ra, 390 gektar yer maydoni uzumchilikka ixtisoslashtiriladi. Bunda 20 gektar agroturizm imkoniyatlari qo‘llanib, 40 yangi ish o‘rni yaratiladi. Natijada 320 tonna hosil olish imkoni paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, uzumchilikda 370 gektar maydonda kooperatsiya usulida ish tashkil qilinadi va 740 nafar aholi bandligi ta’minlanadi. Buning evaziga 5 ming 920 tonna hosil olinib, 3 ming 600 tonna vinochilik, 2 ming 320 tonna qayta ishlashga (mayiz) yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, yangi bog‘larga dastlabki 3 yilda oraliq ekinlar ekish hisobiga 2 ming 500 tonna piyoz, 300 tonna sarimsoq piyoz, 3 ming 900 tonna sabzi, 2 ming tonnadan ortiq bodring hosilini yetishtirish rejalashtirilgan.
Tadbirda Farg‘ona viloyatining Oltiariq, Qo‘shtepa tumanlaridan tajriba almashish maqsadida kelgan bog‘bon va agronomlar o‘zlari yetishtirgan mevalar va tajribalarini ishtirokchilarga taqdim etdi.



A.Musayev, O‘zA.