Toshkent viloyati Piskent tumanida o‘tgan yil sarhisobi va 2023 yilgi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi.
Viloyat hokimi tumanda keyingi paytda ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishda ko‘plab masalalar to‘planib qolgani, muammolarni hal etishda tuman rahbariyati ishni bo‘shashtirib yuborganini alohida ta’kidladi. Xususan, tuman darajasidagi ayrim rahbarlarning xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarashi tufayli ijro tizimining ish uslubi mutlaqo qoniqarsiz ekani aniq raqamlar va misollar bilan qayd etildi. Ishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun tuman hokimining birinchi o‘rinbosari M.Miryunusov, Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi rahbari S.Qo‘chqorxo‘jayev, Bandlikka ko‘maklashish markazi rahbari O.Buxorov vazifasidan ozod etildi. Bu mutasaddilarga quyi tizimda - mahallada ishlash, xususan, eng sharoiti og‘ir mahallalarda hokim yordamchisi lavozimida faoliyatini davom ettirish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.Tulepov 3 oy sinov muddati bilan lavozimida "vazifa bajaruvchi" maqomida qoldirildi. Qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i B.Rahmonberdiyev yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etildi.
Yig‘ilishda Toshkent viloyati prokurori Sh.Rahimov hududda qishloq xo‘jaligi, qurilish, ijtimoiy sohada yo‘l qo‘yilgan qonun buzarlik holatlari haqida ma’lumot berdi. Qonun ustuvorligini ta’minlashda deputat, jamoatchilik nazorati muhimligini qayd etdi.
– Mashhur mutafakkirning “Kimgadir nafim tegmagan kunni umrim hisobiga qo‘sha olmayman”, degan so‘zlari har bir rahbarning yodiga muhrlanishi kerak. Ayniqsa, Piskent tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2023 yilgi rejalar ijrosini so‘zsiz ta’minlashimiz shart, – dedi Zoyir Mirzayev.
A. Musayev,
O‘zA.