French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Piskent tumanida paxta terimi festivali
17:07 / 2023-10-10

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasining “China Dadi” kompaniyasi hamda Piskent tumani hokimligi hamkorligida 1-paxta terimi festivali o‘tkazildi.

Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti professor-o‘qituvchilari, “Real agro kotton” paxtachilik klasteri, hududdagi dehqon va fermerlar, terim otryadlari, OAV vakillari, san’atkorlar qatnashdi.

Piskent tumani “Tulepov Saidahmad” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan festivaldan ko‘zlangan maqsad paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy etish, urug‘lik va navlarni iqlim sharoitiga moslab tanlash orqali hosildorlikni oshirish, paxtachilikda O‘zbekiston va Xitoy tajribalarini birlashtirib, sohada yutuqlarga erishishdir.

“Tulepov Saidahmad” fermer xo‘jaligida 88 gektar yer bo‘lib, 40 gektariga “Sulton” navli chigit qadalgan edi. Xitoyning “China Dadi” kompaniyasi bilan hamkorlikda paxtazorda 12 gektar maydon tajriba sinov tariqasida parvarishlandi. Bugungi festival doirasida paxta ekish texnologiyasi bo‘yicha seminar ham tashkil etilib, tadbir ishtirokchilari, agrar soha mutaxassislari tomonidan tajriba maydonlaridagi hosildorlik ko‘zdan kechirildi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo bo‘limi rahbari Safar Pirnafasov, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Begali Niyazaliyev hamda xitoylik ekspertlar tomonidan natijalar tahlil etildi va yuqori baholandi.

Tadbir davomida dala shiyponida to‘kin dasturxon yozildi, konsert dasturi namoyish etildi. Xo‘jalikda paxta terayotgan 19-otryad terimchilari va barcha mehmonlar uchun milliy taomlar tortildi.

A.Musayev,O‘zA muxbiri