Shu kunlarda Toshkent viloyatining paxta dalalarida yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida terib olish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Terimga jalb etilgan fuqarolarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va ko‘chma tibbiy ko‘rikni tashkil qilish, savdo, madaniyat va maishiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha mas’ullar tomonidan joylarda zarur sharoitlar yaratilgan.
Xususan, Piskent tumanida 156 ta fermer xo‘jaligi “REAL AGRO COTTON” paxtachilik klasteri bilan shartnoma imzolagan bo‘lib, 6 ming 761 gektar maydonda hosil yetishtirilgan. Mavsumda dehqonlar 24 ming 300 tonnalik xirmon barpo etish niyatida.

Terim jarayonlari bilan tanishish maqsadida viloyat va tuman hokimliklari tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlabki manzil hududdagi “Piskent Sharq Agro” fermer xo‘jaligi dalalari bo‘ldi.
– Jarayonlarni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida zarur texnika vositalarini jalb qilganmiz, – deydi tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Asror Abbosxonov. – Xususan, 8 ta yuqori unumli terim kombayni, 120 ta traktor, 400 ta tirkama, 110 ta terim otryadi tashkil etilgan. Joylardagi 110 ta terim otryadining har biriga 2 million 500 ming so‘mdan, jami 275 million so‘m mablag‘ berildi.

– Har bir xo‘jalikda terimchilar uchun yetarli sharoit yaratilgan. Har kuni tushlikda dala shiyponida issiq ovqat, choy, non beriladi, – deydi 89-otryad rahbari Mavluda Umarjonova. – Otryadimizning a’zolari Mo‘minobod va G‘ayrat mahallalarining fuqarolari. Ular “Karimov Xolmurod” fermer xo‘jaligida paxta termoqda. Bundan tashqari, “Iskandarov Sardor taraqqiyot” fermer xo‘jaligida paxta terimiga jalb qilingan terim kombaynlari yordamida kuniga 12-15 tonnalab paxta xirmoni bunyod etilmoqda.
– Paxta hosilini yog‘in-sochin kunlarga qoldirmay yig‘ishtirib olish harakatidamiz, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Sardor Iskandarov. – Joriy yilda hosildorlikni 45 sentnerga yetkazishni maqsad qilganmiz.

Mashina terimining afzalliklarini tajribali fermerlar yaxshi biladi. Ularning aytishicha, agar terim mashinasi sifatli ishlasa, birinchi navbatda ish sur’ati oshadi. Qo‘l terimiga ehtiyoj kamayadi. Fermer moliyaviy jihatdan tejamkorlikka erishadi. Agar, hosil mo‘l bo‘lsa, fermerlar birinchi terimdayoq rejaning 80-90 foizini bajaradi.
Ayni paytda terim mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Bir kunda 1 ming 42 tonna, mavsum boshidan buyon 7 ming 939 tonna paxta yig‘ib olindi. Buning uchun joylarda zarur xavfsizlik choralari ko‘rilib, paxta yig‘im-terim mavsumini betalafot va samarali o‘tkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan.
A.Musayev, O‘zA