Pirotexnika vositalari savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanish mamlakatimizning amaldagi qonunlari bilan ta’qiqlanadi. Ming afsuski, ayrim fuqarolar buni bila turib, ana shu ish ortidan foyda topishga urinmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Buloqboshi tuman sudi raisi Sh.Vahobov raisligida tumandagi Shohguzar mahallasida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida ana shunday faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan U.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1851-moddasiga asosan, to‘plangan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.
Tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan “Pirotexnika vositalariga qarshi kurashish” tadbiri davomida fuqaro U.X. tumandagi Sharq Yulduzi mahallasida joylashgan o‘ziga tegishli do‘konda o‘n to‘rt quti “Britanik” nomli pirotexnika vositasini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi, ma’lum qismini sotganligi aniqlanib, mavjud pirotexnika vositalari ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yildi va ushbu holat bo‘yicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirildi.
Sayyor sud majlisida yurtdoshlarimiz, ayniqsa, bolalar salomatligiga xavf soladigan pirotexnika vositalarini noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan ushbu fuqaro belgilangan tartiblar doirasida 1,5 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA