O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika vositalari aylanishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori doirasida Bojxona qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan Respublikamiz hududiga pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish sohasidagi noqonuniy harakatlar nazoratga olingan.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor tadbirlari natijasida pirotexnika vositalarini pullashga uringan shaxs to‘xtatib qolindi.
Pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar viloyatning G‘ijduvon tumanida o‘tkazildi. Unda fuqaro S.A “shartli” xaridorga 6 000 dona pirotexnika vositalarini pullayotgan chog‘ida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng, ushbu fuqaroning yashash xonadonida xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 35 blokda, har birida 10 qutidan joylashtirilgan 21 000 dona pirotexnika vositalarini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi ma’lum bo‘ldi. Hozirda mazkur holat bo‘yicha jami 27 000 dona pirotexnika vositalari ashyoviy dalil sifatida saqlovga olingan.
Sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.