Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, viloyat hududida pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish yo‘nalishida so‘nggi uch oy davomida jami yetti mingga yaqin reyd, tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlar natijasida 508 ta qonunbuzarlik holati aniqlanib, jami 241 ming dona turli ko‘rinishdagi pirotexnika vositalari musodara qilindi.

Aniqlangan holatlarning 451 tasiga ma’muriy chora ko‘rilgan bo‘lsa, 56 ta ish sudga yuborilgan hamda 6 ta holatda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaga taqdim etilgan. Xususan, maxsus profilaktik tadbiri doirasida Bo‘ka, Toshkent, Bekobod, Chinoz tumanlari va Angren hamda Chirchiq shaharlarida turli xildagi bir necha pirotexnika vositalarini olib yurgan hamda foydalangan fuqarolar aniqlandi.

Mazkur yo‘nalishdagi profilaktik va tezkor tadbirlar davom etmoqda va mahallalar, ta’lim muassasalarida aholi va yoshlarga tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.