Bugun poytaxtimiz va barcha hududiy tumanlar markazlarida bayramona Yangi yil archasi va uning atrofida o‘tkazilayotgan turli madaniy tadbirlarga, ayniqsa, bolalarning shodon raqs tushib, she’r, qo‘shiqlar aytayotganiga ko‘zimiz tushib, guvohi bo‘lmoqdamiz.
Ammo pirotexnika vositalarining yoqimsiz “paq-puq”laridan hushing qochib, o‘tkir yoqimsiz tutin hididan dimog‘ing bo‘g‘iladi. Bu “paqildoq”lar, ya’ni pirotexnika vositalaridan chiqayotgan tovush, ularning asosiy xaridorlari esa kattalar va bolalar. Ushbu xavfli “o‘yinchoqlar”ning savdosi ayni bayram, yangi yil arafasida yanada avjiga chiqadi.
Mazkur ayyom kunlaridan unumli foydalanib, noqonuniy daromad qilmoqchi bo‘lgan “ishbilarmon-tadbirkorlar”ning maqsadi o‘z yurtdoshlari, farzandlarimizning salomatligini xavfga qo‘yish hisobiga boylik orttirish, daromad qilish, ko‘proq pul ishlab olishdir.
Ayni bayram arafasida ko‘cha-ko‘y, turar joylar atrofi va boshqa jamoat joylarida “paqildoq”lar quloqni qomatga keltira boshladi. Qonuniy taqiqlarni chetlab o‘tib, bunday matohlarni yashirincha pullayotganlarni jondan aziz farzandlarimiz salomatligi tashvishga solmasligi tabiiy. Pirotexnika vositalarning bexosdan qattiq paqillashi kishilarni cho‘chitib, yurak-qon tomir tizimiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu holat fojiali o‘lim bilan ham yakun topishi mumkin. Qolaversa, pirotexnika vositalari shovqinidan qattiq qo‘rqish tufayli ruhiy buzilish, surunkali asab va qon-tomir tizimi kasalliklari, qandli diabet, homilaga ziyon yetishi ehtimoli yuqori.
Yaqin masofada pirotexnika paqillashidan inson barotravma va akustik jarohatlar olib, karlik yoki umrbod quloq shang‘illashi (tinnitus) kasalligiga yo‘liqishi mumkin.
Noqonuniy ish bilan shug‘ullanayotgan kimsalarga albatta jazo muqarrar. Ammo bolalarni pirotexnika vositalaridan asrash uchun hammamiz birdek mas’ulmiz. Ota-onalar oilada ogohlikni oshirishlari, mahallalarda ham bolalarning nima bilan mashg‘ul bo‘layotganini kuzatish, noqonuniy savdo qilayotganlar to‘g‘risida ichki ishlar idoralariga xabar berish har bir fuqaroning burchi ekanligini unutmasligimiz darkor.
Salomatligimiz uchun zararli bo‘lgan bunday "xavfli o‘yinchoqlar"ni sotib olmaslik orqali, biz nafaqat o‘zimizni balki atrofimizdagilarni ham og‘ir asoratlardan saqlab qolgan bo‘lamiz. Bayram kunlarini yaqinlarimiz davrasida xursandchilik, ko‘ngil hotirjamligida o‘tkazish barchamizga nasib qilsin!
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_WVTGVWVBLc" title="Pirotexnika hayot uchun xavfli!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA