Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Mazkur loyiha pirotexnika buyumlari muomalasini tartibga solishga qaratilgan.
— So‘nggi paytlarda pirotexnika buyumlarini mamlakatimizga qonunga xilof ravishda olib kirish, noqonuniy realizatsiya qilish, saqlash va ulardan foydalanish holatlari ko‘paymoqda, — dedi fraksiya a’zosi Jumanazar Otajonov. — Bu esa fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligi va tartibiga, yong‘in hamda boshqa favqulodda vaziyatlarning kelib chiqishiga yuqori darajada tahdid tug‘diradi. Qonun loyihasi esa pirotexnika buyumlari muomalasi sohasida davlat nazorati va ta’sir choralarining samaradorligini oshirish, ushbu turdagi huquqbuzarliklarning oldini olish va undan jabrlanish holatlarini bartaraf etishga huquqiy asos yaratadi.

Muhokamalarda qonun loyihasi yuzasidan bir qator savollar ko‘tarildi, taklif va tavsiyalar bildirildi. Belgilanayotgan normalar ushbu turdagi huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA