Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
PIRLS bo‘yicha o‘quv-trening o‘tkazilmoqda
15:01 / 2026-01-06

Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida PIRLS xalqaro tadqiqoti doirasida o‘qish savodxonligini baholash hamda uni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-trening o‘z ishini boshladi.

PIRLS tadqiqoti o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi va o‘qib tushunish darajasini baholaydi. Ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirishda esa, avvalo, o‘qituvchining kasbiy salohiyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.  

Shu sababli, pedagogik mahorat markazlarida faoliyat yuritayotgan direktor o‘rinbosarlari hamda 39 nafar boshlang‘ich ta’lim mutaxassislari uchun maxsus o‘quv-trening tashkil etilmoqda. Mazkur mutaxassislar ishtirokida joriy yilning mart oyiga qadar tadqiqotda qatnashadigan maktablar uchun 550 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga mo‘ljallangan 18 soatlik treninglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 15 ming nafardan ortiq o‘quvchilar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Trening va amaliy mashg‘ulotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘qituvchilar uchun “PIRLS 2026 baholash konsepsiyasi” hamda “PIRLS tadqiqotini darslarda qo‘llash” nomli qo‘llanmalar, o‘quvchilar uchun esa 8 ta mashq daftari ishlab chiqilgan. Shuningdek, maxsus onlayn platforma yaratilgan.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, ta’lim sifati, pedagog kasbining nufuzini oshirish hamda o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, xalqaro baholash tadqiqotlarida ishtirok etish orqali ta’lim tizimining samaradorligini tahlil qilish va uni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston maktablari 2021 yilda ilk bor PIRLS xalqaro tadqiqotida ishtirok etgan. Ushbu tadqiqot natijalari o‘quvchilar, maktab rahbarlari va o‘qituvchilar salohiyatini yanada rivojlantirish zarurligini ko‘rsatish bilan birga, ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim tahliliy ma’lumotlarni taqdim etdi.

[gallery-27004]

Ayni paytda Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) bilan hamkorlikda dunyoning 60 ta mamlakati qatorida yurtimiz maktablari PIRLS tadqiqotida ikkinchi bor ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun, PIRLS xalqaro tadqiqotida o‘quvchilarga badiiy va axborot matnlari taqdim etiladi. Tadqiqot o‘quvchilarning matnda ochiq ifodalangan ma’lumotlarni aniqlash, ularni ajratib olish, matn asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xulosa chiqarish, g‘oya va axborotlarni talqin qilish hamda uyg‘unlashtirish ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan.

Tadqiqotda ishtirok etish uchun reprezentativlik va tasodifiylik tamoyillari asosida hududlardan 164 ta maktab tanlab olingan bo‘lib, unda 4-sinfda tahsil olayotgan 5 ming 600 nafardan ortiq o‘quvchining ishtirok etishi rejalashtirilgan. Shuningdek, tadqiqotning tajriba-sinov bosqichi 2025 yil 5–30 may kunlari o‘tkazilib, unda 30 ta maktabdan 1 ming 471 nafar o‘quvchi qatnashgan edi.

Trening 8 yanvar kuniga qadar davom etadi. Unda PIRLS tadqiqotining asosiy tushunchalari, tadqiqot natijalariga asoslangan amaliy yondashuvlar hamda ochiq e’lon qilingan PIRLS matnlarini test.avloniy.uz elektron platformasi orqali dars jarayonlarida qo‘llash usullari o‘rganiladi.

Mazkur treninglar o‘quvchilarda o‘qish savodxonligini rivojlantirish, shuningdek, kelgusidagi mas’uliyatli xalqaro tadqiqotlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Javohir Toshxo‘jayev,  

Oybek Pardayev (surat), O‘zA