Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"PIRLS–2026": Paxtakorda xalqaro tadqiqotga tayyorgarlik
13:53 / 2026-01-22

Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabida “PIRLS–2026” xalqaro tadqiqotiga tayyorgarlik ishlari boshlandi. Shu munosabat bilan maktabda 4-sinf o‘quvchilarining ota-onalari ishtirokida maxsus yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ota-onalarga tadqiqotning maqsad va vazifalari, uni o‘tkazish tartibi hamda o‘quvchilar ishtirokining ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Asosiy maqsad — ota-onalarni xalqaro tadqiqot jarayoni bilan tanishtirish, ularning bu boradagi savollariga oydinlik kiritishdan iborat bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “PIRLS” (Progress in International Reading Literacy Study) — boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligi, matnni o‘qib tushunish va fikrlash ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan xalqaro tadqiqotdir. U har besh yilda bir marta o‘tkazilib, dunyo bo‘ylab 60 dan ortiq mamlakatda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston mazkur tadqiqotda 2021 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. “PIRLS–2026” tadqiqoti orqali ham yurtimizda boshlang‘ich ta’lim sifati xalqaro mezonlar asosida o‘rganiladi va baholanadi.

E’tiborli jihati shundaki, tadqiqotda ishtirok etuvchi maktablar maxsus xalqaro talablar asosida, tasodifiy tanlash usuli orqali aniqlanadi. Shu tarzda O‘zbekiston bo‘yicha tanlab olingan 164 ta maktab qatorida Paxtakor tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabi ham kiritildi. Bu tanlov faqat maktabning alohida yutug‘i emas, balki mamlakat ta’lim tizimining umumiy holatini xolis aks ettirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, “PIRLS” tadqiqoti natijalari o‘qish savodxonligini oshirish, ta’lim jarayonini takomillashtirish hamda boshlang‘ich ta’limda samarali uslublarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

A. Qayumov, O‘zA muxbiri