Farg‘ona viloyatida pillani qayta ishlash va urug‘chilik korxonalari uchun «Pillani qayta ishlash sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish» mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 maydagi «Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni doirasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarda Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Namangan hamda Farg‘ona viloyati ipakchilik klasterlari rahbarlari, agronomlar hamda Yaponiya va Xitoy pillachilik sohasi mutaxassislari qatnashdi.
Unda pillani chuqur qayta ishlash, tayyor maxsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahsulot sifatini oshirish yuzasidan muhokamalar olib borildi.
Bu borada Yaponiya va xitoylik mutaxassislar tomonidan onlayn ma’ruzalar o‘qildi. Ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
Shuningdek, seminar so‘ngida zamonaviy qurtxonalardagi ish jarayonlari borib ko‘rildi va joylardagi ishlab chikarish zavodlari tajribasi o‘rganildi.
Jumladan, seminar ishtirokchilari tomonidan «Nurli tong silk» korxonasi faoliyati borib ko‘rildi. Ishtirokchilar korxona qoshida tashkil etilgan tutzor hamda zamonaviy qurtxona bilan ham tanishdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA