Buxoro viloyati Shofirkon tumanida ilk mavsumda 2 ming 965 quti ipak qurti parvarishlandi. Ayni kunlarda hududdagi qabul maskanlari pillakorlar bilan gavjum. Shu kunlarda pillakorlar yetishtirgan hosilni xirmonga topshirib, mehnatlariga yarasha haq olmoqda.
– Pilla mavsumida tumandagi o‘n to‘rtta hududdagi inkubatoriyalarda 1 ming 744 ta oilaviy zveno va kasanachilarga 2 ming 965 quti ipak qurti tarqatilgan bo‘lsa, hududlarga har 250 quti urug‘ parvarishi uchun malakali agronomlar biriktirildi, – deydi “Gijduvon Ipak tola” MCHJning Shofirkon tumanidagi vakili Ibrohim Ashurov. – Mavsum oldidan pillakorlarga hududdagi 350 gektardan oshiq tutzor taqsimlab berildi. Birinchi mavsumda 217 tonna hosil yetishtirishga zamin yaratildi. Ayni paytda Savrak hududidagi “Shofirkon pilla qabul qilish maskani” qimmatbaho sanoat xom ashyosini yetishtirgan mirishkorlar bilan to‘lmoqda.

Bu jarayonda bevosita tuman hokimi Alisher Fayzullayev va mas’ullar ishtirok etdi. Xirmonga baraka tilab, yetishtirilgan hosil taroziga qo‘yildi. Shofirkonlik faol va mehnatsevar pillakorlarning ipak qurtini parvarishlashdagi yutuqlari e’tirof etildi.

Shu yerda ilg‘or pillakorlar, inkubist, agronomlardan bir guruhiga sovg‘alar topshirildi, ipak qurtini agrobiologik tartibda jonlantirishda qo‘shgan hissasi uchun Sadaf Bekmurodovaga televizor sovg‘a sifatida taqdim etildi. Ipak qurti qabul qilishda har bir kasanachi oilasiga har bir quti ipak qurti uchun 500 ming so‘mdan rag‘bat puli berilgani, pillani qabul maskaniga topshirishda rejadan orttirilgan har kilogramm pilla uchun qo‘shimcha 40 ming so‘mdan mukofot puli berilayotgani pillakorlarga kuch-quvvat bag‘ishlamoqda.


Mavsumning ilk kunlaridan Mazlaxon Chandir, Do‘rman, Jo‘ynav, Alisher Navoiy kabi hududlar pillakorlarining ulushi salmoqli bo‘lmoqda. Jumladan, chandirlik Munisa Mansurova bir quti ipak qurtidan 90 kilogramga yetkazib, Shohsanam Ashurova 121 kilogram, Alisher Navoiy hududidan Vazira Vosidova 150 kilogramm, do‘rmanlik Amrillo Nabiyev 107 kilogramm, jo‘ynavlik Savriddin Badalov 100 kilogramga yetkazib hosil topshirishib, 400 ming so‘mdan 1 million 500 ming so‘mgacha qo‘shimcha mukofot pulini olishdi.
Zarif KOMILOV, O‘zA