Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pillachilikni hayot mazmuniga aylantirgan momo
15:16 / 2024-05-15

Angor tumani Kayran mahallasida yashaydigan Mengal momo Xolliyeva Surxondaryo viloyatidagi eng keksa, eng tajribali pillakorlardan biri. Momo 75-yildan buyon farzandlari, nevaralari bilan pilla boqib, mo‘l hosil yetishtiradi.

Bu yil umrining 84 bahorini qarshilagan tajribali pillakor to‘qqiz yoshidan ipak parvarishlashni boshlagan. Bolalikning eng beg‘ubor davrlarida shirin uyqusidan kechib, tunlari ipak qurtini oziqlantirgan Mengal Xolliyeva uchun pillachilik hayotining mazmuniga aylandi.  

– Urushdan keyingi og‘ir yillarda otam xo‘jalik raisi edi, deya o‘sha kunlarni eslaydi Mengal momo. – Uyimizda pilla –parvarishlar edik. Hozir ham kechagidek eslayman. Onam rahmatli “kel, sen ham pillaga barg tashla”, deya tunlari ham qo‘limga bir tutam tut bargini tutqazar edi. Onamning harakatlarini uyqusirab kuzatib, qurtlarga ozuqa berar edim. Shu zaylda o‘zim mustaqil barg tashlaydigan bo‘ldim. Yarim tunda ham uyg‘onib, ipak qurtlaridan xabar olar, ozuqa berar edim. U yillar juda og‘ir bo‘lib, xo‘jalik rahbarlarining oila a’zolari mehnatda barchaga o‘rnak ko‘rsatishi lozim edi. Yosh bo‘lsam-da, o‘sha davrlarda tunni kunga ulab, qattiq ishlagan ekanmiz.  

Mengal momoning aytishicha, ipak qurti o‘ta nozik jonivor. Uni vaqtida oziqlantirish, mehr berib parvarishlash lozim. Uyquga ketganida ham tez-tez xabar olib turish kerak. Shundagina kutilgan hosilni olish mumkin. Sovuqqa chidamsiz. Bahor seryog‘in, andak sovuq bo‘lgan yillarda xonani belgilangan darajada isitish kerak. Ana shunday yillarda tajribali pillakor pechkaga olov yoqib, ipak qurtlarini saqlab qolgan paytlar ko‘p bo‘lgan.  

– Pilla ham milliy boyligimizga aylangan, – deya suhbatni davom ettiradi Mengal momo. – Lekin, o‘tgan davrlarda daromadni tunlari uxlamay ipak qurti parvarishlagan pillakor emas, boshqalar ko‘rdi. Hayotimdan, turmushimdan nolimayman-u, pillakorga mehnatiga yarasha haq berilmadi. Faqat keyingi yillarda bu sohaga e’tibor kuchaydi. Prezidentimizdan minnatdorman. Barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Pillaga talab bor-u, ozuqasiga e’tibor yo‘qligidan tut daraxtlari ham tugab qolayozgan edi. Endi yana keng maydonlarda tut plantatsiyalari barpo etilayotir. Mana, bu yil ham pillaning xarid narxi 25 foizga oshirilibdi. Bu xushxabar biz pillakorlarni yanada ruhlantirdi. Bir paytlar 50 qutigacha pilla boqib ham kosamiz oqarmagan bo‘lsa, endi mehnatimizga, olayotgan hosilimizga yarasha daromad ko‘ryapmiz.  

Mengal Xolliyeva Prezidentimizning joriy yil 3-maydagi “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni pillakorlar mehnatini qadrlash va undan olinadigan daromadni ko‘paytirishga yo‘naltirilganidan juda suyunganini aytadi. Bu pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini yanada yaxshilash, xomashyo bazasini kengaytirish, pilla yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlab, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlari tashkil etishda muhim omil bo‘lishi haqida quvonib gapiradi.  

Umrini pillachilikka bag‘ishlagan Mengal momoning sermashaqqat mehnati so‘nggi yillarda munosib rag‘batlantirilib, u 2022-yil “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. Ayni paytda o‘n farzandning mehribon onasi, 68 nabira, 10 chevara va uch evaraning suyukli momosi inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda tinch, to‘kin hayot kechirib, 25 nafar oila a’zosi bilan 25 quti ipak qurtini boqmoqda. Shu kunlarda ular parvarishlayotgan ipak qurtlari xomashyo o‘rashni boshladi.

Oila bu yilgi mavsumda mavjud ipak qurtidan 2,5 tonnaga yaqin pilla xomashyosi yetishtirib, yuz million so‘mga yaqin daromad olishni cho‘tlamoqda. Bolalikdan shu sohaga mehr qo‘ygan keksa pillakor endilikda ipak qurti boqishga qiziqish uyg‘onayotgan yoshlar va nevara-chevaralariga uni parvarishlashning sir-sinoatini qunt bilan o‘rgatayotgani ham Mengal momo hayotiga o‘zgacha mazmun bag‘ishlayotir. Demak, mohir pillakor yaqin yillarda soha izchil rivojlanib, yanada serdaromad tarmoqqa aylanishini chuqur his etmoqda.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri