Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pillachilikda xalqaro hamkorlik
18:24 / 2023-05-23

Mamlakatimizda keyingi yillarda pillachilikni rivojlantirish, soha faoliyatiga ilg‘or texnologiya va xorijiy tajribalarni joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Natijada yurtimizda pillachilik sohasi yanada rivojlanib, imkoniyatlari kengaymoqda.

Sohadagi ilg‘or ish uslublarini o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida yurtimizda bo‘lib turgan vetnamlik mutaxassislar Marhamat tumanidagi "Ipak ko‘chat klaster" fermer xo‘jaligida bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari tuman hokimi Boburjon Yuldashev, mas’ullar, soha mutaxassislari ishtirokida "Ipak ko‘chat klaster" fermer xo‘jaligida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar bilan tanishdi, xo‘jalikda joriy etilayotgan yangiliklarga ijobiy baho berdi.  

"Ipak ko‘chat klaster" fermer xo‘jaligi 1999 yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Keyinchalik tut urug‘chiligi va ko‘chatchiligiga ixtisoslashtirilgan, bugungi kunga kelib esa klaster xo‘jaligiga aylantirilgan  mazkur xo‘jalikda 2012 yildan boshlab Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda yangi tut navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy, amaliy tajribalar o‘tkazib kelinmoqda.  

Xo‘jalik mutaxassislari va olimlar hamkorligida mavjud tut navlaridan “tanlash va chatishtirish” yo‘li bilan qator yangi tut navlari yaratildi.  

– Masalan, “Marhamat – 2017” deb nomlangan  yangi tut navi ko‘p yillik ilmiy va amaliy ishlarimiz samarasidir, – deydi "Ipak ko‘chat klaster" fermer xo‘jaligi rahbari Abdupatto Musurmonqulov. – Ushbu nav yaproqlari juda ko‘p afzalliklarga ega. Eng avvalo, mahalliy sharoitga mos, tovlanib turadi, hajmi oddiy tut bargidan bir necha barobar katta, serhosil, to‘yimli, yumshoq, go‘shtdor va oqsilga boy bo‘lib, mavjud navlarga nisbatan yangi sxema asosida ekilsa, o‘n barobar ko‘p hosil beradi.  

Mazkur navning yana bir muhim jihati shundaki, undan yiliga uch marta barg hosili olish mumkin. Har uchchala hosil ham tarkibida ipak qurtini oziqlantirish uchun yetarli miqdorda oqsil va boshqa zarur moddalarga ega bo‘ladi.  

Xo‘jalikda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosida taqqoslaydigan bo‘lsak, ayni paytda yurtimizdagi aksariyat tut plantatsiyalarida “SANIISH-14”, “SANIISH-12”, “Topkross”, “Pioner” singari tut navi ko‘chatlari 8x1 metr, 8x2 metr modul asosida ekilgan. Bu kabi plantatsiyaning 1 gektaridan 4,2 tonna ozuqa, ya’ni barg olinadi. Ana shu ozuqa bilan 5 quti ipak qurtini parvarish qilish mumkin bo‘ladi.  

“Marhamat – 2017” navi esa 1,4x0,5 metr, 1,8x0,4 metr sxema asosida ekiladi. Ko‘chat qator oralari yaqin bo‘lsa ham tutning eng quyi qismidan to yuqori qismigacha bir xilda hosil beradi. Ushbu sxemada ekilgan tut ko‘chati plantatsiyasining 1 gektaridan 50 tonna barg hosili olish mumkin va 55 quti ipak qurti boqish imkonini beradi. Bundan ko‘rinadiki, ushbu nav intensiv sxema asosida ekilsa, oddiy navlarga nisbatan hosildorligi qariyb 11 barabar yuqori bo‘ladi.  

Xo‘jalikda yaratilgan bu kabi yangi navlarga vetnamlik mutaxassislar yuqori baho berdi. Muloqotlar davomida mutaxassislar O‘zbekiston va Vetnam pillakorlari o‘rtasida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ish uslublari va tajribalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.    

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA