English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pillachilikda samaradorlik — amaliy yondashuv
19:53 / 2026-02-23

Jizzax viloyati Arnasoy tumanida pillachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada samaradorlikni oshirish va zamonaviy agrotexnik usullarni keng joriy etishga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbir mamlakatimizda ipakchilikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning hududlardagi amaliy ifodasi sifatida ahamiyat kasb etdi.

Prezidentimizning 2020-yil 2-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohani tubdan isloh qilish, xomashyo bazasini mustahkamlash, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Hujjatda tutzorlarni kengaytirish, yuqori hosildor ipak qurti zotlarini joriy etish va pillachilik orqali aholi bandligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Arnasoydagi seminarda tuman hokimligi mutasaddilari, pillachilik bilan shug‘ullanayotgan fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari hamda sohaga oid mutaxassislar ishtirok etishdi. Davra suhbatlari davomida ipak qurti parvarishi, ozuqa bazasini mustahkamlash, tutzorlarni ilmiy asosda parvarish qilish, kasalliklarning oldini olish va hosildorlikni oshirish masalalari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, ilg‘or tajriba asosida faoliyat yuritayotgan namunaviy xo‘jalikda ipak qurti boqish jarayoni namoyish etildi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, sohada klaster tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida pilla yetishtirishdan uni qayta ishlashgacha bo‘lgan zanjirda qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda. Bu esa qishloq joylarda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlanganidek, pillachilik — nafaqat an’anaviy tarmoq, balki yuqori daromad keltiruvchi va mehnat talab qiladigan soha sifatida qishloq aholisi bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Arnasoyda o‘tkazilgan mazkur seminar esa farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, ilmiy yondashuv va amaliy tajribani uyg‘unlashtirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi hamda kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan bir qarorga kelishdi.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari