Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pillachilikda “Lider ayollar” brigadalari tashkil etiladi
15:46 / 2024-02-05

Nurafshon shahrida pillachilik sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish yuzasidan o‘quv-seminar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Olimjon Jumayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Zuhra Mirg‘oziyeva hamda soha mutasaddilari ishtirok etdi.

Seminarda pilla yetishtirishda ipak qurtini tanlash, uni inkubatsiyadan chiqarish va ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni ipak qurtini yangi agrotexnik qoidalari asosida parvarishlashga jalb qilish, bu orqali pillachilikdan olinadigan daromad va mahsuldorlikni oshirish xususida fikr-mulohazalar bildirildi. 

Ma’lumki, 2023 yilgi mavsumda 30 ming 180 quti pilla qurti boqish uchun fermer xo‘jaliklari va kasanachilar xonadonlariga tarqatilib, shundan 2 ming tonna pilla hosili olingan. Tarmoqda o‘ziga xos maktab yaratgan O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Chinoz tumanlari pillakorlari “kumush tola” hosilini davlatga topshirishda barchaga namuna ko‘rsatgan. Xususan, hozir O‘rta Chirchiq tumanida 189 gektar tut plantatsiyalari mavjud bo‘lib, 8 mingdan ziyod hosil beradigan tutlar o‘tqazilgan. Shu bilan birga, aholi bandligini ta’minlash maqsadida 57 ta mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan pilla boqish istagini bildirgan pillakorlar bilan qo‘shimcha shartnoma tuzilgan edi. Natijada barcha toifadagi fermer xo‘jaliklari tomonidan shartnomaviy rejaga asosan, 2515 quti ipak qurti parvarishlanib, reja ortig‘i bilan bajarildi hamda 146,8 tonna pilla topshirildi. Mavsum davomida yetishtirilgan pilla hosiliga naqd pul shaklida to‘lov qilindi.

Seminarda mutaxassislar tomonidan tumanlardagi mahallalardan “Lider ayollar”ni tanlab olish, ularning har biriga kamida 50-80 nafardan ishchi ayollar brigadasi biriktirilishi reja qilindi va natijada esa 2 ming 100 nafardan ziyod ayoling mavsumiy bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. 

Har bir tumanda ipakchilik klasteri tomonidan 150 quti uchun bittadan inkubatsiya markazlari tashkil etiladi va “Lider ayollar”ning oylik ish haqi tumandagi ipakchilik klasteri tomonidan to‘lab boriladi. O‘quv-seminarda ipak qurti urug‘lari inkubatsiyasini tashkil etish va parvarishlashning asosiy talablari, pillaning ozuqa bazasini rivojlantirishda intensiv tutzorlar barpo etish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazishning afzalliklari aytib o‘tildi. Bunda Vetnam tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi. 

Tadbir qatnashchilariga soha mutaxassislari tomonidan ko‘rgazmali taqdimot namoyish etildi. 

A.Musayev, O‘zA muxbiri