Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pillachilikda innovatsiya: kuzgi takroriy hosil
15:15 / 2022-10-01

Sentyabr oyida ipak qurti boqib pilla topshirdim, deyishsa ko‘pchilik ishonmaydi. Ammo bu haqiqat. Kuzgi pilla xom ashyosi pillakor uchun yangi daromad manbaini yaratmoqda.

Prezidentimiz farmoniga ko‘ra Pillachilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tashkil etilib, unga surxondaryolik tadbirkor Bahrom Sharipov rais etib tayinlangan kunlar, yangi idora rahbari respublikamizda  hademay nafaqat ko‘klamda , balki  yoz va kuz oylarida ham takroriy pilla yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi, soha tom ma’noda valyuta keltiradigan tizimga aylanadi, deganda ko‘pchilik ishonmagan edi.

 Darhaqiqat, so‘nggi uch-to‘rt yil ichida  respublikamizning  barcha viloyatlarida o‘nlab pillani qayta ishlash korxonalari  paydo bo‘ldi.

Bahrom Sharipov rahbarligida  barcha tumanlardagi pillaxonalarda xom ashyoga naqd pulda haq to‘lash  joriy etildi. Klasterlar pillakorni boshiga ko‘taradigan, qadrlaydigan tizim yaratildi. Pillakorlar, klasterlar yangi tutzorlarni tashkil etish, tut bargi mo‘l-ko‘lligini ta’minlashga astoydil kirishdi.  Sohaga innovatsion tamoyillar joriy etila boshladi. Oqibat ipak qurtini yiliga bir marta emas, 2-3 marotaba boqish, kutilganidek hosil olish  hayotiy haqiqatga aylandi. Biz, buni Toshkent viloyati Piskent tumanida  pillakorlar huzurida bo‘lganimizda ko‘rdik.

Tuman “Agropilla” MCHJ korxonasining bosh  hosiloti  Sanobar opa Jo‘rayevaning  e’tirof etishicha, tumandagi  “Do‘ngqo‘rg‘on”, “Cho‘loqqo‘rg‘on” mahallalarida  fidoyi kishilar juda ko‘p. Masalan, Turob Ibragimovlar oilasi  birinchi mavsumda  3 quti  ipak qurti parvarishlab, har qutisidan  60 kilodan  pilla topshirgan.  Hosildan tushgan daromad  8  million so‘mdan oshgan. Bundan ruhlangan xonadon bekalari Rahima aya va kelinlari Nozima  Ibrohimovalar kuzgi pilla boqishga ham bajonidil rozi bo‘lgan. 

– Har bir ishning o‘ziga yarasha  og‘ir-yengil tomonlari bor, – deydi  pillachilik borasida 45 yillik tajribaga ega Rahima aya. – Kuzgi  qurt parvarishida tut barglarining toza va mayin bo‘lishiga e’tibor berdik. Tut daraxtlarini  shoxi bilan emas, faqat barglarini terib olib, erinmasdan  yuvib tozaladik. Shunda bargdagi  chang va g‘uborlar yuvilib,  ipak qurtining   mayin ozuqasiga aylandi. Toza ozuqani ipak qurtlari ishtaha bilan yedi va sifatli pilla o‘radi. 

Yana bir e’tiborli jihat shundaki, pilla parvarishini  yangi  texnologiyalar  asosida, ya’ni so‘rilarda emas,  maxsus qutilarda parvarish qilgan  pillakorlar  ipak qurti  yetilib, pilla o‘rash vaqtida   maxsus  yumshoq sim to‘rli moslamalardan foydalandi. Natijada  sifatli va sertola  pilla  yetishtirildi. Takroriy pilla yetishtirish  har bir oilaga 3-4 million so‘mdan qo‘shimcha daromad keltirgani yanada e’tiborlidir. 

 – Mavsumda 2 marotaba pilla yetishtirish uchun bizga koreyalik mutaxassislar  keng  imkoniyat  yaratib berdi,  – deydi tajribali pillakor  Sanobar opa Jo‘rayeva. – Chunki moddiy manfaatdorlik bor joyda unum va baraka bo‘ladi. Pillakorlarimiz  har mavsumda  ish haqilarini o‘z vaqtida olmoqda. Pilla puli  tarozi boshida berilmoqda. Hukumat qaroriga ko‘ra va  klasterlar himmati bilan har kilo pilla xom ashyosi uchun subsidiya berilayotgani  pillakorni yanada qiziqtirib qo‘ygan. Ayni chog‘da esa mutaxassislarimiz  tutzorlarning holatini  nazorat qilib, ularni parvarishlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Chunki tutzorlar kelgusi yil bahorda pilladan mo‘l hosil ko‘tarish garovida.


     Abdunabi Aliqulov, O‘zA