Ma’lumki, yurtimiz ipak ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Xitoy va Hindistondan keyin dunyoda uchinchi o‘rinni egallaydi. Shu jihatdan ipak valyuta tushumlarining ishonchli manbai hisoblanadi. Sohadan olinayotgan hosilning 70 foizi xomashyo, quritilgan pilla, ipak kalava va mato ko‘rinishida Hindiston, Eron, Xitoy, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Rossiya kabi mamlakatlarga eksport qilinadi.
Bundan tashqari, pillachilik qishloq joylaridagi ko‘plab oilalar bandligini ta’minlab kelmoqda.

Pillachilikning rivojlanish bosqichlarini tahlil qilish maqsadida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi v.b. I.Sayfullayev boshchiligida hududiy “Agropilla” MCHJ rahbarlari hamda pillachilik klasterlari ishtirokida videokonferensiya shaklida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda eksport prognozi ijrosi va tahlili, mahalliy va xorijiy urug‘ bo‘yicha qarzdorliklarni bartaraf etish, to‘lov va ijro intizomi kabi masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda mavjud muammolar hamda ularning yechimlari tanqidiy tarzda muhokama qilindi. I.Sayfullayev har bir korxona o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi shartligini ta’kidladi. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni tezkor bartaraf etish topshiriqlari berildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA