Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pillachilik sohasiga zamonaviylar tatbiq etilmoqda (+video)
15:17 / 2024-03-25

Ma’lumki, mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishida pillachilik sohasining ham o‘z o‘rni bor. Shu bois yurtimizda pillachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Prezidentimiz raisligida joriy yil 12-fevral kuni qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish hamda 2024 yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ipakchilikni rivojlantirish, sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim ishlar yuzasidan bir qator topshiriq va vazifalar belgilab berildi.    

Shunga ko‘ra, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi va "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi, viloyat hokimliklari hamkorligida respublikamizning barcha hududlarida pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish, sohada ayollar faolligini yanada oshirishga qaratilgan amaliy seminarlar o‘tkazildi. 

Unda hududlardagi oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi klaster, fermer xo‘jaliklar mas’ullari, kasanachi va pillakorlar qatnashdi. 

Xususan, Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Iqboljon Ergashev boshchiligida "Ipakchilik sohasini rivojlantirishning yangi bosqichlari va yo‘nalishlari" mavzusida hududiy ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. 

Seminar qatnashchilariga viloyatda pillani Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish, ipak qurtini xonadonlarga tarqatib, o‘rma tutzorlar tashkil qilish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tushunchalar berib o‘tildi.  

Seminar doirasida mehmonlar "Vodiy marjoni" ko‘p tarmoqli qayta ishlash korxonasi, "Ismoiljon gilamlari" gilamchilik korxonasiga hamda tutchilik plantatsiyasidagi ish jarayonlari bilan tanishtirildi.  

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Termiz shahri hamda Denov tumanlarida pillachilik sohasida zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish yuzasidan o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.    

Tadbirda qayd etilganidek, viloyatda 110 ming nafardan ortiq xotin-qiz ipak qurti boqishga jalb qilinadi. Ipakchilik bilan shug‘ullanuvchi 3 ta klaster va fermer xo‘jaligi bilan pilla yetishtiruvchi xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnatiga munosib haq to‘lash va qo‘shimcha rag‘batlantirish borasida hamkorlikda ish olib boriladi.  

Toshkent viloyati Nurafshon shahrida ham pillachilik sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish yuzasidan o‘quv-seminar o‘tkazildi. Seminarda pilla yetishtirishda ipak qurtini tanlash, uni inkubatsiyadan chiqarish va ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni ipak qurtini yangi agrotexnik qoidalari asosida parvarishlashga jalb qilish, bu orqali pillachilikdan olinadigan daromad va mahsuldorlikni oshirish xususida fikr-mulohazalar bildirildi. 

Mutaxassislar tomonidan tumanlardagi mahallalardan «Lider ayollar»ni tanlab olish, ularning har biriga kamida 50-80 nafardan ishchi ayollar brigadasi biriktirilishi reja qilindi. Natijada esa 2 ming 100 nafardan ziyod ayolning mavsumiy bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgani qayd etildi.

Buxoro viloyati tuman va shaharlarida bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminarlarda ham ipak qurti urug‘lari inkubatsiyasini tashkil etish va parvarishlashning asosiy talablari, pillaning ozuqa bazasini rivojlantirishda intensiv tutzorlar barpo etish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazishning afzalliklari aytib o‘tildi. Bunda Vetnam tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratiladigan bo‘ldi. 

Jumladan, Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida ipak qurti boqish, pilla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish, o‘rma tutzorlar barpo etish va uy sharoitida tayyor ipak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, bu kabi seminarlar Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida ham tashkil etildi. Ta’kidlanganidek, bu yil birinchi bosqichda pilla narxi 25 foizga oshiriladi.

Aholiga pilla yetishtirish uchun subsidiya beriladi va pilla yetishtiruvchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi. 

Ikkinchi bosqichda 2025-yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga muayyan tuman va fermerlar biriktirilishidan voz kechiladi. Pilla fermer bilan klaster o‘rtasida erkin narxda tuziladigan shartnoma asosida yoki birja orqali sotiladi. 

Shuningdek, seminarlarda pilla yetishtirishda ipak qurtini tanlash, uni inkubatsiyadan chiqarish va ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mahallalarda pillachilikda katta tajribaga ega xotin-qizlar orasidan «lider ayollar» saralanib, ipak qurtini yangi agrotexnik qoidalar asosida parvarishlashga o‘qitiladi.  

So‘ngra ular o‘rganganlari va o‘z tajribalarini mahalladagi boshqa ayollarga o‘rgatadi. Bu orqali ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlanadi, ular daromad manbaiga ega bo‘ladi.    

Tadbir qatnashchilariga soha mutaxassislari tomonidan ko‘rgazmali taqdimot namoyish etildi.  

Bir guruh pillakorlar esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.    

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/STrcUNecR9s" title="Pillachilik sohasiga zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA