Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi “Saritepa” mahalla fuqarolar yig‘inida mavsum oldidan pillachilikni samarali tashkil etish, sohaga zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish masalalariga bag‘ishlangan viloyat miqyosidagi amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda sohani sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, hosildorlikni oshirish va xotin-qizlar bandligini kengaytirish kabi aniq vazifalarga e’tibor qaratildi.
Seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova, Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari, shahar va tumanlarda sohaga mas’ul mutasaddilar hamda pillakorlar ishtirok etishdi.
Mutaxassislar tomonidan pillachilikda jahon tajribasi, yuqori hosildor tut navlarini parvarishlash, qurt boqish jarayonida sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etish, ozuqa bazasini mustahkamlash va intensiv usullar orqali samaradorlikni oshirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Ayniqsa, Xitoy tajribasida qo‘llanilayotgan yuqori mahsuldor texnologiyalar, qisqa muddatda sifatli xom ashyo yetishtirishga xizmat qilayotgan innovatsion yechimlar atroflicha tahlil qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ipakchilik va pillachilikni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan farmon va qarorlari mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan pillachilikni klaster usulida tashkil etish, xom ashyoni qayta ishlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifalari aniq belgilab berilgan.
[gallery-27930]
Mazkur ustuvor yo‘nalishlar O‘zbekiston — 2030 strategiyasida ham o‘z aksini topgan. Strategiyada agrosanoat majmuasida yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish, qayta ishlash ulushini oshirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va eksport salohiyatini kengaytirish muhim vazifalar sifatida qayd etilgan. Pillachilik tarmog‘i esa ushbu maqsadlarga erishishda iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan katta imkoniyatlarga ega.
Joriy mavsumda Jizzax viloyati bo‘yicha 2 ming tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgani sohaga qaratilayotgan e’tibor ko‘lamini yaqqol namoyon etadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘p. Eng muhimi, 28 ming nafar xotin-qizni pilla boqishga jalb etish orqali ularning barqaror daromad manbaini yaratish va ijtimoiy faolligini oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, viloyatda 70 ta markazlashgan pillaxona qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgani infratuzilmaning izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, pillachilik — bu nafaqat qishloq xo‘jaligi tarmog‘i, balki qishloq aholisi bandligini ta’minlaydigan, eksport tushumini ko‘paytirishga xizmat qiladigan va milliy iqtisodiyotga barqaror daromad keltiradigan strategik yo‘nalishdir.
Do‘stlik tumanida o‘tkazilgan amaliy seminar ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va yuqori samaradorlikka erishishga xizmat qiladi. Bu — “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar ijrosining joylardagi amaliy ifodasidir.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari