Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pillachilik, qorako‘lchilik va kavrakchilik sohalaridagi kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi
11:37 / 2021-12-16

Poytaxtimizda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zbekipaksanoat” hamda “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmalarining joriy yil yakuni va 2022 yil rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi, ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish, tut plantatsiyalarini nazorat qilish va ularni xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha qilingan ishlar natijasi va investitsion loyihalarni ishga tushirish masalalari xususida fikr-mulohazalar bildirildi. 



Xususan,  Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov soha xodimlariga 2022 yilda pillani chuqur qayta ishlashni tashkil etish, investitsion loyihalarni kengaytirish va korxonalarning eksport salohiyatini oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.  



– “Yashil makon” umumilliy loyihasini yurtimiz bo‘ylab keng miqyosda o‘tkazilishi natijasida ko‘plab maydonlar tut plantatsiyasiga aylantirildi, natijada pilla qurti ozuqa bazasi shakllantirildi, – dedi Bahrom Sharipov. – Bugun, tut nafaqat yo‘l bo‘ylari, dalalar atrofida balki, katta-katta yer maydonlarida bog‘ shaklida ekilib, tutzorlik plantatsiyalari yaratilmoqda. Loyiha doirasida hozirga qadar 20 milliondan ortiq tut daraxti ekildi. Bu jarayon yana davom etmoqda. Bu aynan mamlakatda pillachilik, ipakchilik sohasi rivojiga ham yaxshi natija beradi. 

Tadbirda tizimlardagi korxonalar tomonidan olib borilayotgan ishlar natijadorligini tahlil qilish, belgilangan ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida maxsus monitoring guruhlarini tuzish va ularni hududlarga safarbar qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek, qorako‘lchilik jamiyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar, qishlovga tayyorgarlik ko‘rish ishlarining borishi, eksport, bandlik, sohaga tegishli qarorlarga asosan ajratilgan imtiyozli kreditlarning maqsadli ishlatilishi va yil yakunigacha belgilangan eksport hamda investitsiya rejalari bajarilishi muhokama qilindi. 

Yig‘ilishda kavrakchilik sohasidagi 2022 yilgi rejalar yana bir bor tahlil qilindi. Jumladan, kavrak mahsulotlarini qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish bo‘yicha yangi korxona tashkil qilish istiqboli, joylarda madaniy kavrakzorlar tashkil qilish, investitsiya va eksport hajmini oshirish bo‘yicha qilinadigan ishlar xususida so‘z yuritildi. 

Tabiiy kavrakzorlarni tiklash bilan bir qatorda kelgusi yilda madaniy kavrakzorlarni yanada kengaytirish, eksport hajmini oshirish va sohada doimiy hamda mavsumiy ish o‘rinlarini ko‘paytirishga kelishib olindi. 

Yig‘ilish yakunida sohadagi faol va fidoyi xodimlar taqdirlandi. 
 

Gulnoza Boboyeva, 
O‘zA