Ipak qurti boqish, uni bir oy davomida uzluksiz oziqlantirish mashaqqatli ish. Buning uchun avvalo sabrli va mehnatkash bo‘lish darkor.
Ana shunday fidoyi pillakorlardan biri Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Nurafshon” mahallasida yashovchi Botir Suvonovdir. Bu oila 27 yildan buyon ipak qurti parvarishlab, davlatimizga kumush tola yetkazib beradi.
– Aslida pillachilik bilan shug‘ullanishni buvim 1951 yildan boshlaganlar. U kishidan keyin onam va men davom ettirib kelmoqdamiz, – deydi B. Suvonov. – Har yili pilla boqamiz. Bu yil 4 qutidan ipak qurti olib, 200 kilogramm hosil yetishtirishni rejalashtirgan edik. Yakunda esa 251 kilogramm pilla yetishtirdik. Pillachilik bilan shug‘ullanayotganlarga ma’lum, ipak qurti juda nozik bo‘ladi. Erta tongda turib, barg chopib kelamiz. Ularni so‘litmay, salqin joyda saqlab, belgilangan vaqtda ipak qurtiga beramiz. Barcha sharoitlar yetarli. Oldindan pul mablag‘i, un, yog‘ oldik. Mehnatimiz munosib rag‘batlantirilganidan mamnunmiz.

Yana bir karmanalik pillakor Ozoda Shomurodovadir. U tumandagi “Allon” mahallasi Tog‘guzar ko‘chasida yashaydi. Opa uzluksiz yetti yildan buyon ipak qurti parvarishlaydi. Joriy mavsumda 3 quti pilla qurti olib, 215 kilo pilla topshirdi.
Opadan qanday muammolaringiz bor? Imkonimiz bo‘lsa yechimiga ko‘maklashamiz, deb so‘raymiz.
Opa esa kulimsirab: “Muammolar o‘zimizniki, mahalla faollari, pillachilik korxonalari mutaxassislari tez-tez kelib, xabar olib turishibdi. Davlatimiz rahbariyatiga rahmat. Barcha sharoitlarni yaratib berilmoqda. Mehnatimizga yarasha haq olyapmiz. Bir oy pilla tutsak ham yillik mehnat staji yozilmoqda”, – deb javob qaytardi.

Mamlakatimizda ipakchilik sohasida ham islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 24 fevraldagi “Ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi.
Qarorga ko‘ra, yuqori sifatli ipak mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, respublika ipakchilik tarmog‘i korxonalarining barqaror faoliyat yuritishini hamda ipakchilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirishni ta’minlash, shuningdek, ipakchilik tarmog‘ida ilmiy salohiyatni oshirish va tarmoq uchun malakali kadrlar tayyorlashda yirik ipakchilik korxonalari va zamonaviy laboratoriyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Joriy yilda Navoiy viloyatida 18 ming 799 quti ipak qurti boqilib, 1090 tonna pilla hosili yetishtirish ko‘zda tutilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 72 tonnaga ko‘pdir. Yetishtiriladigan pilla xom ashyosi viloyatdagi 4 ta pillachilik klasterlari tomonidan qayta ishlanib, ipak mahsuloti xorijga eksport qilinadi. Bu yil pillachilik klasterlari tomonidan 849 ta fermer xo‘jaliklari va 12 ming 709 nafar zvenolar o‘rtasida 737 tonnaga, 6088 nafar kasanachilar bilan 353 tonnaga shartnomalar tuzilib, ipak qurti tarqatildi.

– O‘tgan yillar davomida boshqa viloyatlar va chetdan ipak qurti urug‘i olingan bo‘lsa, bu yilgi mavsumda ipak qurti urug‘i to‘liq viloyatning o‘zida yetishtirilib, boquvchilarga yetkazildi, – deydi hududiy “Agro pilla” MCHJ rahbari Jamshid Rajabov. – Pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida fermer va kasanachilarimizga ipak qurti urug‘lari subsidiya hisobidan bepul berildi. Bu esa pillakorlarimizga juda katta yengillik yaratdi.
Viloyatda pilla ozuqa bazasini yanada yaxshilash maqsadida bahorgi mavsumda 3 million 910 ming dona tut ko‘chatlari ekildi. Kuz mavsumida esa yakka tut qatorlari sifatida dala atroflariga 2 million 460 ming dona tut ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining “Ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan viloyat bo‘yicha 500 gektar yaylov yer maydonlaridan ajratilgan yerlarda tut plantatsiyalari tashkil etiladi.
Darvoqe, ipak matolari o‘zining mayin va nafisligi bilan ajralib, beixtiyor diqqatimizni o‘ziga tortadi. Shu sabab ipakdan tikilgan mahsulotlar doim xaridorgir. Qolaversa, tabiiylikning bahosi hamisha yuqori bo‘lgan. Pillachilikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor esa ushbu qimmatbaho xom ashyoni tayyorlash hajmini ham oshirmoqda.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA