French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pillachilik bilan band etiladigan xotin-qizlar qisqa kurslarga jalb etiladi
15:15 / 2025-03-02

Ipak qurti boqish, uni bir oy davomida uzluksiz oziqlantirish mashaqqatli ish. Buning uchun inson, avvalo, sabrli va mehnatkash bo‘lishi lozim.

Ana shunday fidoyi pillakorlardan biri Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Shibzon mahallasida yashovchi Mehrigul aya Ahmedovadir. U 65 yoshda bo‘lishiga qaramasdan har mavsumda ipak qurti parvarishlaydi. Bu tizimda Mehrigul ayaning bolalik chog‘larini ham hisoblaganda, qariyb 55 yillik tajribasi bor.  

– Aslida onam uzoq yillar davomida pillachilik bilan shug‘ullangan. Biz esa bolaligimizdan u kishiga ko‘maklashganmiz, – deydi M.Ahmedova. – Har yili pilla boqamiz. Pillachilik bilan shug‘ullanayotganlarga ma’lum, ipak qurti juda nozik bo‘ladi. Erta tongda turib, barg chopib kelish kerak. Ularni so‘litmay, salqin joyda saqlab, belgilangan vaqtda ipak qurtiga berish lozim. Ipak qurti tozalik va ozodalikni, e’tiborni talab etadi. Pilla boqiladigan xonani shamollatib turish, haroratini doimiy nazoratda ushlab turish kerak. Xullas, mehnatiga chidagan odamgina ipak qurti boqadi.

Keyingi yillarda yurtimizda pillachilikni yanada rivojlantirish, sohada ishlash istagida bo‘lgan aholini, shu jumladan, xotin-qizlarni qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitish va ularning ushbu sohada bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Darhaqiqat, bu fikrlar Navoiy shahridagi Yoshlar markazida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 29 yanvardagi “Xotin-qizlarning pillachilik sohasidagi bandligini bosqichma-bosqich ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminarida ham qayta va qayta ta’kidlandi.  

Tadbirda tumanlar oila va xotin-qizlar bo‘limlari rahbarlari, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi klaster va fermer xo‘jaliklar mas’ullari, ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari, pillakor ayollar ishtirok etdi. Unda pillachilik sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, Vetnam davlatining ilg‘or tajribalarini mahalliylashtirish, xotin-qizlarni pillachilik sohasida qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitish va ularning sohada bandligini bosqichma-bosqich ta’minlash tizimini tashkil etish to‘g‘risida so‘z yuritildi.  

Ayni paytda Navoiy viloyatida 4 ta pillachilik klasteri, shuningdek, urug‘chilik korxonasi va tutchilik xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Joriy yilda viloyatda 21 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 1272 tonna hosil olish rejalashtirilgan.  

Seminar yakunida lider, agronom ayollarga o‘z hududlarida pillachilik yo‘nalishida band etiladigan xotin-qizlarni o‘qitishlari uchun sertifikatlar topshirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri