Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pilla yetishtirish hajmi ortmoqda
11:33 / 2022-09-22

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, pillachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan 10-15 yil oldin yurtimizda bir yilda bir marotaba pilla yetishtirilgan bo‘lsa, sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida bir yilda 3-4 marta ipak qurti boqilmoqda.

2017 yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan bu samarali usul nafaqat “kumush tola” xirmoni yuksalishiga, balki kasanachilik orqali ishsiz aholining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ham zamin yaratmoqda. Oldin bu jarayonda aholi bor yo‘g‘i 35-40 kun davomida band bo‘lgan, bugungi kunda esa pilla yetishtiruvchi kasanachilar sohada 7 oy davomida uzluksiz mehnat qilib, daromad topmoqda.

Joriy yil pilla yetishtirish kuz mavsumida Farg‘ona viloyati bo‘yicha 5 ming 870 quti ipak qurti parvarishlanib, 234,8 tonna pilla xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Buning uchun viloyatning shahar-tumanlaridagi 8 ming 197 nafar kasanachilar o‘rtasida 5 ming 870 qutiga kasanachilik shartnomalari tuzildi, 28 ta inkubatoriyalarda ipak qurti urug‘lari jonlantirilib, kasanachilarga tarqatildi.

Ayni paytda kuzgi pilla mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Xususan, Rishton tumani “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘ini pillakorlari “Rishton agropilla fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 480 kilogramm qimmatbaho “kumush tola” topshirib, shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardi. Mahalla fuqarolar yig‘inida joriy mavsumda fermer xo‘jaliklari va kasanachilar tomonidan 12 quti ipak qurti parvarish qilindi. Shu tariqa 27 nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlanib, oilaviy daromadi o‘sishiga erishildi. Ular uchun zarur sharoit yaratilgani, moddiy va ijtimoiy ta’minotiga alohida e’tibor qaratilgani o‘z samarasini berdi. 3-4 mavsum pilla terimi mavsumi boshqa tumanlarda ham davom etmoqda.

– Tumanimiz bo‘yicha 420 quti ipak qurti urug‘lari tarqatilgan. Har bir qutidan 40 kilo pilla yetishtirishni maqsad qilganmiz, – deydi “Uchko‘prik Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ko‘paysinxon Nazarova. – Natijada 830 nafar kasanachilarning bandligi ta’minlandi. “Qurbonov Bunyodjon tutzori” tutchilik xo‘jaligi kasanachisi Adolatxon Qurbonova ko‘pchilikka ibrat bo‘lmoqda. Ayni paytda pillani terib olish va qabul punktlariga yetkazish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda “kumush tola” yetishtirishni yangi bosqichlarga olib chiqish, ipak qurti uchun ozuqa bazasini mustahkamlash, mehnatkashlar uchun qulay mehnat sharoiti yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda.
 

M.Sulaymonov, 
O‘zA