Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pilla – 2021: Shofirkonlik pillachilar birinchilardan bo‘lib rejani bajardi
16:35 / 2021-05-28

Buxoro viloyati Shofirkon tumani pillakorlari birinchilardan bo‘lib rejani uddaladi.

Ular joriy yil mavsumida barakali hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi.  

Tuman pillakorlariga 3 ming 352 quti ipak qurti urug‘i tarqatildi. Bugunga kelib pillakorlardan 188 tonna “kumush tola” xirmonini bunyod etish rejalashtirilgan edi. Pirovardida esa hosil salmog‘i kutilganidan ham mo‘l bo‘lmoqda. Bu jarayonda ayniqsa, Denov, Mazlaxon-Chandir, Bog‘iafzal, Do‘rman hududlaridagi oilaviy zvenolari yetakchilik qilib, peshqadamlar safida davlat shartnoma rejalarini ortig‘i bilan ado etdi.  

Tumanning Do‘rman hududi pillakorlari 19,8 tonnalik rejani 19,9 tonna qilib bajargan bo‘lsa, Denov va Jo‘yrabod hududlari pillakorlari zimmalaridagi 19,8 tonnadan, jami 39,6 tonna o‘rniga umumiy “kumush tola” xirmoniga 40,2 tonna hosil qo‘shib, mehnat zafariga erishdi. Tezguzar hududi 17,2 tonna o‘rniga 17,4, Bog‘iafzal hududi 18 tonnalik marrani 18,2 tonna, Savrak hududi pillakorlari 4,1 tonna o‘rniga 4,3, Sulton Jo‘ra hududi “kumush tola” zahmatkashlari esa 8,2 tonnalik rejani 8,3 tonnaga yetkazib, boshqalarga ibrat bo‘ldi.  

Sanoat uchun qimmatbaho xomashyo yetishtirishda bu yil “Mazlaxon-Chandir” MFY dagi fermer xo‘jaliklari va ulardagi oilaviy zvenolari tomonidan 19,2 tonna o‘rniga 19,5 tonna, Alisher Navoiy MFY da ham xuddi shu reja 19,4 tonna, “Jo‘ynav” MFY da 14,8 tonnalik reja 15 tonnaga, “Iskogare” MFY da esa 16,6 tonna o‘rniga 16,7 tonna, “Vardonze” MFY da 11,3 tonna o‘rniga 11,4 tonna miqdorida sifatli pilla olishga erishilgani katta yutuq, albatta. Ana shu mirishkorlar sa’y-harakati tufayli bu mavsumda tumanda “kumush tola” yetishtirish bo‘yicha belgilangan davlat shartnoma rejasi 188 tonna o‘rniga 189,5 tonnaga yetkazilib, ko‘zlangan “dovon”dan oshib o‘tildi.

Qo‘rbongli qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Noila To‘xtayeva rahbarligidagi mohir pillakorlar oilaviy zvenosi o‘tgan yilgi, nisbatan og‘ir kechgan pandemiya davrida ham pilladan barakali hosil yetishtirib, yakunda mo‘may daromadni qo‘lga kiritgan edi. Bu yil ham ana shu an’ana buzilmadi. “Mazlaxon-Chandir” MFYda faoliyat yuritayotgan “Otabek Anvar” fermer xo‘jaligi tasarrufidagi Noila To‘xtayeva zvenosi 4,5 quti ipak qurti parvarishlab, 270 kilogrammlik rejani 438 kilogrammga yetkazishga muvaffaq bo‘ldi. Qo‘shimcha topshirilgan 168 kilogramm “kumush tola” uchun mirishkorlar oilasi qabul maskani tarozisi boshida jami 5 million 40 ming so‘m sof foydani sanab oldi. Albatta, bu hali daromaddan tashqari erishilgan foyda.  

– Ammo bu hali hammasi emas, tumanning “Savrak” mahallasidagi pillani qabul qilish maskani shu kecha-kunduzda pillakorlar bilan gavjum, – deydi buyurtmachi korxona “Bukhara Brilliant Silk” MCHJ ning hududdagi ish yurituvchisi Ibrohim Ashurov. – Bu yilgi mavsumda jami 159 ta fermer xo‘jaligi va undagi oilaviy zvenolarga 1 ming 400 quti ipak qurti tarqatib berilgan bo‘lsa, umumiy hisobda 947 ta oilaviy zvenoda yetishtirilgan hosil bugunga kelib uzluksiz qabul punktiga topshirilmoqda.  

Rejadan tashqari qabul qilinayotgan pillaning har kilogrammiga tarozi boshida 30 ming so‘mdan mukofot puli berilayotgani bir oydan oshiq mashaqqatli mehnatning rag‘batidir. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik tuman dalalarida hademay boshlanadigan g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumining ham muvaffaqiyatli kechishida turtki va madad bo‘lsa, ajab emas.  

Zarif Komilov, O‘zA