Poytaxtimizdagi Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida PFLEGE.UZ dasturining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Yunusov, Germaniyadagi "OPASCA GmbH" kompaniyasi vakili Lev Sverdlov (onlayn) va boshqalar PFLEGE.UZ dasturini amaliyotga tatbiq etishdan maqsad va vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, dasturdan asosiy maqsad mamlakatimiz tibbiyot yo‘nalishida ta’lim olgan o‘rta va oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislarni Germaniyada ishlashga yo‘llash, o‘qitish va ishga joylashtirishga qaratilgan. Ushbu mamlakatda ishlash istagida bo‘lgan tibbiyot xodimlari 10 oy davomida nemis tilini A1, A2, B1, B2 darajada o‘qitiladi. Yakuniy sinov Toshkentdagi Gyote instituti mutaxassislari tomonidan olinadi.
–O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Toshkentdagi Gyote instituti bilan hamkorlikda ushbu dasturni amalga oshiramiz, – dedi Germaniyaning "OPASCA GmbH" kompaniyasi vakili Lev Sverdlov.
– Yakuniy sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan tibbiyot xodimlari Germaniyadagi klinika, tibbiy muassasa va vasiylik xizmatlarida uzoq muddatda ishlash imkoniyatini qo‘lga kiritadi. O‘tkazilgan taqdimotda ishtirokchilarga dastur qanday amalga oshirilishi va qay tarzda o‘quvlar tashkil etilishi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Joriy yilning aprel-may oylarida Toshkentdagi 1-Respublika, Chilonzor, Yunusobod va Andijon Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida dastur bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. 10 oyga mo‘ljallangan mashg‘ulotlar 1490 soatni tashkil etadi.
–Ayni chog‘da dasturga qiziqish bildirgan tibbiyot xodimlari bilan muloqot olib borayapmiz, – dedi PFLEGE.UZ dasturi koordinatori, Yunusobod Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi o‘qituvchisi Saida Boirova. – Dastur doirasida telegramm kanal tashkil etilgan. Hozir veb-sayt ustida ishlar olib borilmoqda. Dasturning amaliy ahamiyati shundaki, tibbiyot sohasida nemis tajribasini o‘rganish mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA