Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pezeshkiyon islohotga tayyorligini ma’lum qildi
14:28 / 2026-01-12

Eron hukumati qonuniy norozilik va tartibsizlikni farqlay oladi va lozim bo‘lgan har qanday o‘zgarishni amalga oshirishga tayyor. “Kazinform” yozishicha, bu haqda Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon xalqqa televideniye orqali qilgan murojaatida aytib o‘tgan.

- Biz xalqning ovozini tinglashga tayyormiz va iqtisodiy islohotlarni davom ettirishga qaror qildik, - deya ta’kidlagan siyosatchi. Uning ta’kidlashicha, namoyishchilar iqtisodiy vaziyat yomonlashganidan norozi. Binobarin, ular bozorlarga o‘t qo‘ymagan yoki boshqa jinoiy harakatlar sodir etmagan.    

- Erondagi tartibsizlikni Amerika va Isroil uyushtirmoqda, ular vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida o‘z odamlariga buyruq bermoqda, - deydi Pezeshkiyon.        

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil 29 dekabrda savdogarlar Tehronda mamlakat milliy valyutasi - rial kursi keskin tushib ketishi ortidan namoyish boshladi. 30 dekabr kuni tartibsizlikka talabalar qo‘shildi. Norozilik aksar yirik shaharlarga tarqaldi. 2 yanvarga kelib ko‘chalarda noma’lum qurolli shaxslar paydo bo‘ldi. Tartibsizlik huquq-tartibot idoralari xodimlari va odamlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlarga aylandi.

Norozilik 8 yanvar oqshomida avjiga chiqdi. Hokimiyat huquq-tartibot idoralarining 25 nafar xodimi halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Tehron meri Alirizo Zakaniy ma’lum qilishicha, namoyishchilar poytaxtdagi 25 masjidni yoqib yuborgan, 26 bank binosiga zarar yetkazgan. Shuningdek, 3 tibbiyot maskani, 10 davlat muassasasi, 48 o‘t o‘chirish mashinasi, 42 avtobus va tez yordam mashinasi, 24 xonadon vayron qilingan.

Hukumat holatni terror harakati sifatida baholadi. 10 yanvar kuni Donald Tramp "Eron rahbariyatiga qarshi davom etayotgan, so‘nggi uch yildagi eng yirik ommaviy norozilik namoyishi"ga izoh berib, AQSH namoyishchilarga yordam berishga tayyorligini bildirdi.      

11 yanvarda parlament spikeri Muhammad Bagir G‘olibof "agar Qo‘shma Shtatlar mamlakatga zarba bersa, Amerika kuchlari va Isroil “qonuniy nishon” bo‘lishidan ogohlantirdi.     

Milliy politsiya boshlig‘i Ahmad-Rizo Radon aytishicha, bir kecha-kunduzda qo‘zg‘olonning asosiy ishtirokchilari hisoblaganlar hibsga olingan.

                                                                                              G.Sattorova, O‘zA