O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov Peterburg xalqaro yuridik forumida ishtirok etmoqda.
«Huquq bilan vaksina qilish», deb nomlangan forum doirasida «Yangi davrda adliyaning raqamli qiyofasi» mavzusida adliya vazirlarining onlayn va oflayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston, Rossiya, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Kipr, XXR, Mo‘g‘uliston, Singapur adliya vazirlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda R.Davletov o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etib, O‘zbekiston Adliya vazirligi raqamlashtirish masalalarida o‘zi uchun uchta muhim yo‘nalishni belgilab olgani, bular – tartibga solish muhitini salmoqli ravishda isloh qilish, virtuallik va ochiqlik ekanini qayd etdi.
Adliya vaziri xorijlik hamkasblariga so‘nggi ikki yilda «tartibga solish gilotinasi» usuli yordamida amaldagi huquqiy baza 10 foizga maqbullashtirilgani, 3 mingdan ortiq qonunosti hujjatlar bekor qilingani, qonunchilikning 60 tarmog‘i bo‘yicha 15 mingta huquqiy hujjatni konsolidatsiya qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgani haqida ma’lumot berdi.
Davlat organlari tomonidan 18 turdagi ma’lumotnomani talab qilishning bekor qilinishi har yili qariyb 15 million dollar mablag‘ni iqtisod qilish imkonini berib, 12 million nafar fuqaroning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan boshqariladigan “License” tizimi tufayli litsenziya berish va xabardor qilish tartib-taomillari elektron shaklga o‘tkazildi. Litsenziyalar va ruxsatnomalarning maxsus blankalarda rasmiylashtirilishidan voz kechilishi va elektron hujjatlar berishga to‘liq o‘tilishi natijasida 1,5 million dollardan ziyod mablag‘, shuningdek, 3,5 million varaq qog‘oz, bundan tashqari, raqamli yechimlarni joriy etish hisobiga Adliya vazirligi tomonidan o‘tgan yili 100 tonna qog‘oz iqtisod qilindi.
Ma’lum qilinishicha, «Virtual adliya» tizimini yaratish ustida olib borilayotgan ishlar davom ettiriladi. bugungi kunda Adliya vazirligi qariyb 50 ta yirik axborot tizimi faoliyat yuritishini ta’minlamoqda.
Shuningdek, intellektual mulkning ishonchli himoyasi, adliya organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash, yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini raqamlashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Adliya ish boshlagan yana bir xalqaro ahamiyatga molik alohida yo‘nalish bu axborot almashish uchun MDHning Yagona elektron platformasini yaratish masalasidir.
Ma’lumot uchun: 2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’lumot almashish uchun MDHning yagona elektron platformasini yaratish tashabbusi ilgari surilgan edi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Adliya vazirligi platformani yaratish bo‘yicha konsepsiya loyihasini ishlab chiqdi. Hozirgi vaqtda hujjat ko‘rib chiqish uchun MDHga a’zo davlatlar hukumatlariga kiritilgan.
O‘zA