English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Peshqadam fermerlar soni ortmoqda
12:57 / 2022-09-14

Buxoro viloyati Romitan tumanida 10 ming 913 gektar maydonda paxta yetishtirilib, 42 ming tonnadan ziyod xirmon barpo etish rejalashtirilgan.

Tumanda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi 2 ta paxta-to‘qimachilik klasteri – “BCT Cluster Agrokompleks” va “WBM Romitex” faoliyat yuritmoqda. Yetishtirilayotgan “oq oltin” maydonining 6 ming 499 gektari “BCT Cluster Agrokompleks” tarkibidagi 7 ta agrouchastkaga bo‘lingan. Ko‘p tarmoqli bu klaster tomonidan joriy yilda 25 ming tonnadan oshirib paxta tayyorlanishi ko‘zda tutilgan.  

“WBM Romitex” MCHJga 251 ta fermer xo‘jaligi birikkan bo‘lib 4 ming 414 gektar yerda paxta yetishtirilmoqda. Paxta-to‘qimachilik klasteri 17 ming tonnalik “oq oltin” xirmonini yaratish niyatida.   Joriy yil paxta hosilini nest-nobud qilmay, uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olish maqsadida tumanda paxta otryad usulida terilmoqda. Buning uchun hududdagi fermer xo‘jaliklari ishchilari va ko‘ngillilardan iborat 285 ta terim otryadi shakllantirilgan.  

– Bir kunda 150-170 kilogramm paxta teryapman,  – deydi uy bekasi Tojigul Norova. – Terayotgan paxtamizning pulini vaqtida olyapmiz. Undan tashqari, terimchilar uchun dalada barcha shart-sharoit hozirlanib, issiq ovqat tashkil qilingan. Qimmatbaho sovg‘alar esa bizni yanada terimga chaqqonroq bo‘lishga undamoqda.  

O‘tgan hafta davomida hududda barpo qilingan “oq oltin” xirmoni 3 ming tonnaga yaqinlashdi. Bunda xo‘jaliklarda jonbozlik ko‘rsatayotgan qariyb 10 mingga yaqin terimchi–hasharchining katta hissasi bor, albatta. Fermer xo‘jaliklari va agrouchastkalar mas’ullari boshchiligida terimchilar uchun dalada barcha shart-sharoit hozirlanib, issiq ovqat tashkil qilingan. 

Tumandagi o‘ndan ortiq fermer xo‘jaligi jamoasi paxtachilikda davlat shartnoma rejasini uddaladi. Jumladan, “Xosiyat bibi zamini”, “Kozimbobo”, “Zafar”, “Sangzamburg fayz”, “Varaxsho uzum eksport”, “Saidbek Qo‘rg‘on zamini”, “Baxtiyor”, “Toyir bobo”, “Samandarobod”, “Dehqonobod”, “Nurmuhammadobod” kabi fermer xo‘jaliklari umumiy xirmoni 500 tonnadan ziyod va ularda gektarlar hosildorligi o‘rtacha 40 sentner atrofida.  

Masalan, “Varaxsho uzum eksport” fermer xo‘jaligini olsak 37 gektarda sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo yetishtirgan jamoa xirmoni bugun 116 tonnaga yetdi. Xuddi shunday “Baxtiyor” fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 10 gektar yerdan 47 tonna, “Kozimbobo” fermer xo‘jaligi 15 gektar paxtazordan 64 tonna, “Saidbek Qo‘rg‘on zamini” fermer xo‘jaligi 6 gektardan 25 tonnalik “oq oltin” xirmonini barpo etib, peshqadamlar safida bormoqda. 

 
Zarif Komilov, O‘zA