Buxoro viloyati Olot tumani “Yosh botir” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Hojimurod ota Bektoshevning qalbi cheksiz quvonchga to‘ldi. Uning shinamgina hovlisi tumandoshlari, mahalladoshlari, farzandlari va nevaralari bilan gavjum bo‘ldi.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar, huquqni muhofaza qilish idoralari, jamoatchilik vakillari shahar va tumanlarda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olib, davlatimiz rahbarining tabrigi va pul mukofotlarini yetkazdi.
Uchrashuvda Botir Zaripov Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 79-yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. 20 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti va bayram sovg‘alarini topshirdi. Prezidentimiz nomidan taqdim etilgan maxsus qimmatbaho sovg‘a esa urush faxriylariga bo‘lgan cheksiz hurmat ramzi bo‘ldi.
Shuningdek, otaxon viloyat hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan ham moddiy rag‘batlantirildi. Bundan tashqari, urush faxriysiga viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi va boshqa tashkilotlar tomonidan ehtirom ko‘rsatildi.
Yoshlar jamoasi ham bu xonadonda bo‘lib, otaxonga izzat-ikrom ko‘rsatdi. Tinchlikni, Vatanni ulug‘lovchi she’rlar aytildi.
[gallery-17332]
– Urushga ketganimda 19 yoshli navqiron o‘g‘lon edim, – deydi o‘sha mash’um yillarni chuqur qayg‘u bilan xotirlab Hojimurod ota. – Aniq eslayman, qahraton qish edi o‘shanda. Rossiyaning Penza o‘lkasida safdoshlarim bilan jangga kirdim. Qonli janggohlarda olov kechish bir-u izg‘irindan jon saqlash bir bo‘ldi. Chunki sovuq jon-jonimizdan o‘tib ketardi. Ollohga behisob shukur, peshonamizda mana shunday yorug‘ kunlarni ko‘rish ham yozilgan ekan. Bugun benihoya baxtliman, biz urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va ehtiromdan boshim ko‘kka yetdi.
Ma’lumot uchun: bugun viloyatda 7 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari