French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Peshkulik tadbirkor un ishlab chiqarmoqda
14:45 / 2025-12-20

Buxoro viloyati Peshku tumani “Navgahon” mahalla fuqarolar yig‘inida donni qayta ishlash korxonasi, zamonaviy tegirmon ishga tushganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. “Kamola Ruslan omad” deb nomlangan mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat Rahmatullo Jamolovning biznes loyihasidir.

Mahalliy tadbirkor dastlab oila a’zolari bilan birgalikda qishloqda tashlandiq yotgan yer maydonining 46 sotixni o‘z tasarrufiga oldi. Bu maydonni obodonlashtirib, ombor va sex qurilishini boshlagan. Buning uchun umumiy qiymati 2,5 milliard so‘m atrofida sarmoya sarflangan bo‘lsa, shundan 400 million so‘mi “Aloqabank” tuman filiali imtiyozli kredit mablag‘idir.

Yuqori mahsuldor Xitoy texnologiyasi, zamonaviy rusumdagi tegirmon bilan jihozlangan korxonada bir oyda 400 tonnagacha, bir yilda 4000 tonna atrofida bug‘doyni qayta ishlash, un sifatida qadoqlash imkoniyati yaratilgan. Ayni kunda 6 nafar ishchiga ega korxona tomonidan bir oyda 2 milliard so‘m,  bir yilda esa 20 milliard so‘m moddiy qiymatdagi, 1-navli un mahsuloti aholi dasturxoniga yetkazilmoqda. 

“Kamola Ruslan omad” MCHJning “Barkamol” yorlig‘i bilan qadoqlanayotgan un mahsuloti mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarilib, Peshku va qo‘shni tumanlardagi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan sara bug‘doy mahsuli hisoblanadi. Bunda ishlab chiqarish jarayoni va tayyorlanayotgan mahsulot sifati sanitariya-gigiyena talablariga to‘la javob beradi. Qolaversa, zamonaviy tegirmondan har oyda chiqayotgan 100 tonnadan oshiq kepak mahsuloti hududda chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan xo‘jalik va aholi xonadonlariga yetkazilmoqda. 

Shu kunlarda tadbirkor Rahmatullo Jamolov ishlab chiqarish va mahsuldorlikni oshirish, mahalliy xomashyo bilan birga, Qozog‘iston Respublikasidan bug‘doy kiritish, ichki bozorda importga bo‘lgan talabni qisqartirish, aholiga sifatli un yetkazib berishni reja qilgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.