English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Peshkuda ayollar uchun ijtimoiy yotoqxona foydalanishga topshirildi
13:14 / 2021-03-23

Buxoro viloyati Peshku tumanida alohida toifadagi, boquvchisini yo‘qotgan, voyaga yetmagan farzandlari bilan birga qiyin sharoitda yashayotganlar uchun “Ayollar ijtimoiy yotoqxonasi” foydalanishga topshirildi.

Tadbirning ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov ham qatnashdi.  

Viloyat rahbari xotin-qizlarni bahor bayrami bilan samimiy tabrikladi. Ular tashvish va muammolarini hal qilishga o‘z xayrixohligini bildirdi. O‘z boshpanasiga ega bo‘lgan ayollar va ularning farzandlari bilan suhbatlashib, yotoqxonada yaratilgan shart-sharoitni ko‘zdan kechirdi. Tuman mutasaddilariga bundagi imkoniyat va infratuzilmani yaxshilash yuzasidan zarur tavsiyalarini berdi.  

— Tuman aholisining bugun 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan qatlami orasida xotin-qizlar 29 mingga yaqinlashdi, – deydi Peshku tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muxlisa Jabborova. 

– Ularning bevosita turli muammolar girdobida qolgan va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj 1 ming 776 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Aksariyati o‘zining tayinli kasb-koriga, daromadiga ega bo‘lmaganlar. Alohida toifalangan ayollarning 31 nafari esa boquvchisini yo‘qotgan. Yolg‘iz boshi bilan uch-to‘rt nafar bolasini og‘ir sharoitda voyaga yetkazayotganlar ham bor. Xuddi shunday, norasida farzandlari bilan turmushidan ajrashib, duch kelgan joyda umrguzaronlik qilib kelayotgan boshpanasiz ayollarimiz muammolariga yechim izlandi. Ularning 16 nafariga “Ayollar ijtimoiy yotoqxonasi”dan joy berildi.

Yangibozor” MFY Ibn Sino ko‘chasida joylashgan bino, avvalgi 4-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining yotoqxonasi hisoblanadi. Bino mahalliy tadbirkorlardan Jamshid Ismoilov boshchiligidagi qurilish-pudrat korxonasi –– “Buxoroi sharif nafis bahori” MCHJ tomonidan zamonaviy shinam qilib qayta ta’mirlandi. Mukammal ta’mirlash ishlariga 430 million so‘m mablag‘ sarflandi. Xonalar va yo‘laklarning barcha eshik va derazalari almashtirildi. Isitish tizimi ham to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Zamonaviy moslamalar o‘rnatildi. Xonalar yangi jihozlar bilan ta’minlandi. Yong‘in xavfsizligi talablari ham belgilangan me’yor darajasiga keltirildi.  

— Taqdir ekan, qaramog‘imda uch nafar norasida bolam bilan turmushimdan ajrashdim, – deydi tumanning “Shavgon” MFY da yashagan Saodat Barotova. 

– Nihoyatda og‘ir sharoitda yashab kelayotgandim. Yaxshilarning yordami tufayli bugun mana shu yotoqxonadan menga va bolalarimga ikkita xona ajratib berildi. Menga uyimizga yaqin tikuvchilik sexidan ish taklif qilishdi. Bolalarim ham shu yerdagi ixtisoslashtirilgan maktabga o‘qishga joylashtirildi. Bu yilgi bahor men va oilam uchun juda ham barakali keldi. Bundan xursandman.

 

Zarif Komilov,  O‘zA