Peshkoʻ tumanida 500 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi
AQSH ning “Trigon International INC” xorijiy kompaniyasi rahbariyati bilan Buxoro viloyati Peshkoʻ tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Shoxrux Amonov oʻrtasida onlayn tartibda videokonferensaloqa tarzida muzokaralar boʻlib oʻtdi.
AQSH ning “Trigon International INC” xorijiy kompaniyasi rahbariyati bilan Buxoro viloyati Peshkoʻ tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Shoxrux Amonov oʻrtasida onlayn tartibda videokonferensaloqa tarzida muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Unda Amerika Qoʻshma Shtatlarining “Trigon International INC” xorijiy kompaniyasi tumanda ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda kannabis navlarini yetishtirish va koʻpaytirish, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadini bildirgan. Shuningdek, xorijiy kompaniya savdo firmasini ochish, xavfsizlik va transport infratuzilmasini taʼminlash, kannabis navlaridan talab yuqori boʻlgan zamonaviy tibbiy dori-darmon vositalari ishlab chiqaruvchi klasterni barpo etish va sarmoya kiritishni maqsad qilmoqda.
Kompaniya tomonidan kannabis dori vositalarining farmatsevtika sanoatini rivojlantirishdagi istiqboli va koʻp yillik tajribasini inobatga olib, mahalliy iqlim sharoitini oʻrgangan holda kiymati 250 million AQSH dollariga teng investitsion loyihani roʻyobga chiqarish taraddudida.
Olib borilgan muzokaralarda maʼlum qilinishicha, investorning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyani yoʻlga qoʻyib, tarkibida sellyuloza mavjud boʻlgan ekinlar (texnik) kanop Agrosanoat klasteriga asos solishini bildirgan. Xom ashyoni chuqur qayta ishlash va undan raqobatbardosh, eksportbop texnik yogʻ, gaz va biodizel mahsulotini ishlab chiqarishni maqsad qilgan. Natijada 500 dan ortiq mahalliy aholi uchun yangi ish oʻrnini yaratishni kafolatlagan.
"Trigon international INC” xorijiy kompaniyasi mutasaddilari global narx-navoga nisbatan raqobatbardosh narxlarni koʻzda tutib, loyihani aynan Buxoroda, Peshkoʻ tumanida tatbiq etilishidagi imkoniyatlar xususida toʻxtalib oʻtdi. Shu bois yetishtiriladigan tibbiy kannabis mahsulotini Yevropa hamda boshqa mamlakatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
Loyiha amalga oshsa, bunda yiliga 16 ming litr yogʻ-moy ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Shu bois kannabis oʻsimligiga ishlov beruvchi mutaxassis – ilmiy xodimlar, agronomlar, farmatsevtlar, laboratoriya xodimlari, firma menedjerlari va boshka qator mutaxassisliklar boʻyicha jamoa shakllantiriladi. Bu esa tumanda ishsiz aholi vakillarining bandligini taʼminlashga qaratiladi.
Videokonferensaloqada loyihani tezroq roʻyobga chiqarish, u bilan bogʻliq tayyorgarlik ishlarini yakunlash, jumladan, mahalliy hamkor “Special Elektrical Mechanical Contrasting” MCHJ bilan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish lozimligi taʼkidlandi.