Peruda 6 balli zilzila sodir bo‘ldi
Jahonda seysmik faolligi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlardan biri hisoblangan Peruda qattiq yer silkinishi kuzatildi. Zilzila kuchi 6 ballga yetgani aytilmoqda.
Mamlakat Tinch okeanining zilzila eng ko‘p sodir bo‘ladigan hududida joylashgan bo‘lib, u «Olov halqasi» deb ham ataladi.
Peru geofizika instituti Milliy seysmologiya markazining qayd etishicha, zilzila o‘chog‘i Mala shahridan 33 kilometr janubi-g‘arbda, poytaxt Limaga yaqin joyda ro‘y bergan.
Tarqatilgan rasmiy xabarlarda zilziladan keyin sunami haqida ogohlantirish bo‘lmaganligi hamda tabiiy hamda moddiy zararlar yo‘qligi aytilmoqda.
Ma’lumot uchun: 2007 yil 15 avgustda Peruda sodir bo‘lgan 7.9 balli zilzila 595 kishining yostig‘ini quritgan edi.