Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Peruda 3500 yillik tarixga ega qadimiy shahar qoldiqlari topildi
19:20 / 2025-07-10

Arxeologlar Peru shimolidagi Barranka provinsiyasida qadimiy shahar qoldiqlari topilganini ma’lum qildi.

“Peniko” deb nomlangan 3500 yillik shahar Tinch okeani qirg‘oqlarida yashagan jamoalarni And tog‘lari va Amazonka havzasida yashovchilar bilan bog‘lagan asosiy savdo markazi bo‘lib xizmat qilgan, deb taxmin qilinmoqda.

Olimlarning fikricha, Lima shahridan 200 km shimoldagi bu joy dengiz sathidan taxminan 600 metr (1970 fut) balandlikda joylashgan va miloddan avvalgi 1800-1500 yillar orasida Yaqin Sharq va Osiyoda ilk sivilizatsiyalar gullab-yashnagan bir vaqtda tashkil etilgan.

Qadimda ushbu shaharning rivojlanishiga yorqin qizil rangga ega mineral modda savdosi turtki bergan. Bu mineral keramik buyumlar, g‘or suratlari va diniy marosimlarda inson tanasiga belgilar tushirish uchun ishlatilgan.

E’lon qilingan dron tasvirlarida shahar aylana shaklida ekanligi ma’lum bo‘ladi, uning atrofi tosh va loydan yasalgan binolar qoldiqlari bilan o‘ralgan.

Sakkiz yillik tadqiqotlar natijasida 18 ta inshoot, jumladan, hashamatli ibodatxonalar va turar-joy majmualari aniqlandi. Shuningdek, qazishma ishlari natijasida marosim buyumlari, odam va hayvonlarning loydan yasalgan haykallari, munchoq va dengiz chig‘anoqlaridan yasalgan marjonlar topilgan.

Tadqiqotchilar qadimiy shahar aholisi 5000 yil avval rivojlangan Amerika qit’asidagi eng qadimgi Karal sivilizatsiyasi bilan bog‘liq, deb faraz qilmoqda. Ularning aytishicha, mazkur shaharning topilishi Janubiy Amerika tarixini yanada chuqurroq o‘rganish uchun kalit bo‘ladi. 

O‘.Alimov, O‘zA