Andijonda viloyati Perinatal markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yillik to‘yi arafasida shifokorlar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Markazning yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda, xususan, Andijon viloyatida homilador ayollarning salomatligini muhofaza qilish, bexatar onalikni ta’minlash, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
bugungi kunda Andijon viloyatida 3 million 200 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Har yili qariyb 85 ming nafarga yaqin chaqaloq dunyoga keladi. Homilador ayollarga, chaqaloqlarga tug‘ruq vaqtida alohida e’tibor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish muhim. Ana shundan kelib chiqib mazkur yo‘nalishda e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
[gallery-8554]
– Prezidentimizning 2022 yil 25 apreldagi “2022-2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to‘g‘risida” gi qarorida respublika bo‘yicha 227 ta tug‘ruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazlari to‘liq qurilishi va ta’mirlanishi, 2022-2025 yillarda 227 ta tug‘ruq kompleksi va 46 ta tumanlararo perinatal markazni to‘liq ta’mirlash va jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarining 105 million dollarlik grant va kredit mablag‘lari jalb qilinishi belgilangan, – deydi viloyat Perinatal markazi rahbari Dildoraxon Nasriddinova. – Jumladan, markazimiz yangi binosining qurilib, foydalanishga topshirilganligi ham mazkur qaror ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlardan biridir.
Zamonaviy, 100 o‘ringa mo‘ljallangan markazning qurilishi va jihozlanishi uchun 21,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Markazda qabulxona, 60 o‘rinli homiladorlar xastaligi, 30 o‘rinli kasallikka moyil chaqaloqlar, hamda 12 o‘rinli chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limlari tashkil etildi. Shuningdek, Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari uchun amaliyot xonalari ajratildi. Yangi foydalanishga topshirilgan binoda homilador ayollar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlari, qolaversa, tibbiyot xodimlarining samarali ish olib borishlari uchun jahon andozalari darajasida zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Markazda 250 nafardan ziyod malakali tibbiyot xodimlari ish olib boradi. Ular markazga tashrif buyurgan homilador ayollarning salomatligini nazorat qiladi, davolaydi hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga sifatli doyalik yordamini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, avvallari agar yangi tug‘ilgan chaqaloqda kasalliklar aniqlansa, davolanish uchun boshqa shifoxonalarga yuborilar edi. Endilikda kasallik aniqlangan chaqaloqlar shu yerning o‘zida davolanadi.
Kelgusida Andijon viloyatida yana 4 ta tumanlararo hududiy, Perinatal markazlari – Shahrixon, Paxtaobod, Qo‘rg‘ontepa va Baliqchi tumanlarida tashkil etiladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA