AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin ukrainalik hamkasbi Rustem Umerov bilan Amerikaning Kiyevga berayotgan yordami asalasini muhokama qildi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx brifingda ma’lum qildi.
Ostin Ukraina qo‘llab-quvvatlanishini tasdiqladi va mavjud yaqin aloqa davom etishini bildirdi. “Xavfsizlik yordami” Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘lidir, dedi Singx.
Rossiya Federatsiyasi Kursk viloyatidagi vaziyat 6 avgust kuni ertalab, Ukraina armiyasi mintaqada operatsiya o‘tkaza boshlagach, keskinlashdi. Chegara hududida, aholi yashaydigan manzillarda uchuvchisiz samolyotlarning keng ko‘lamli hujumi qayd etilmoqda. Vaqti-vaqti bilan raketadan ogohlantirish signallari eshitilyapti.
RF Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga bostirib kirgandan buyon Korenev, Sudjan, qisman Belov va Lgov tumanlarida jang ketyapti. Rossiya tomonidan 17 nafar oddiy aholi vakili halok bo‘lgan, 140 dan ziyod odam jarohatlangan. Mintaqadagi vaziyat federal favqulodda holat sifatida tan olingan. Vaziyat keskinlashuvi asnosida Belgorod, Kursk va Bryansk viloyatlariga ta’sir ko‘rsatgan aksil terror amaliyot rejimi joriy etildi.
Qator hududlarda aholi evakuatsiya qilinmoqda. 12 avgust kuni Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov Vladimir Putinga ko‘chirilishi kerak bo‘lgan 180 ming kishidan 121 ming nafari allaqachon hududni tark etgani haqida xabar berdi.
Ayni payt Ukraina tomoni Kursk viloyatida 92 aholi manzili nazorat ostiga olinganini bildirgan.