Bu haqda Pentagonning dushanba kuni o‘tkazgan matbuot anjumanida AQSH mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kolin Kal ta’kidlab o‘tdi.
"Biz Tayvanning mustaqil bo‘lish uchun amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamaymiz. Bizning status-kvoni qo‘llab-quvvatlash siyosatimiz o‘zgarmagan", – dedi Kal.
"Xitoy siyosati esa o‘zgargan, aynan ular yangi status-kvoga yo‘l ochmoqchi. Gap Tayvan bo‘g‘ozida faollikni oshirish haqida bormoqda. Shu yo‘l bilan Pekin yangi tartib o‘rnatmoqchi", – qo‘shimcha qildi u.
Pentagon rahbari o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Tayvan atrofida vaziyatni keskinlashtirishdan birorta tomon ham manfaat ko‘rmaydi. Qolaversa, dunyo iqtisodiyoti ziyon ko‘radi, chunki dunyo bozoriga yetkazib berilayotgan yarim o‘tkazgichlarning "70-90 foizi" Tayvan orolida ishlab chiqarilmoqda. Bu degani, orol atrofida vaziyatning keskinlashuvi global miqyosda xavf keltirib chiqaradi.