Pensiya tayinlash tartib-taomillari soddalashtirildi va raqamlashtirilmoqda. Ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etilib, pensiya ta’minoti tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati tubdan yaxshilandi.
Shu bilan birga, fuqarolarga pensiya tayinlashda inson omilini kamaytirish, keksalarga, nogironligi bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada oshirish talab etilmoqda.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Qonun bilan “Ijara to‘g‘risida”gi qonunga ijarachining nogiron bo‘lib qolgani ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddatini o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha uzaytirish nazarda tutilmoqda.
Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilash, pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilingan davrda amalga oshirgan faoliyati davrini pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida hisobga olishga doir talab qonunda aks etmoqda.
“Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelgani to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy davlat prinsipini amalda ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA