Avval xabar berilganidek, bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Jumladan, majlisda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Majlisda qayd etilganidek, amaldagi qonunchilikka muvofiq, pensiyani hisob-kitob qilish uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadi.
bugungi kunda pensionerning oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatiga oid bo‘lgan davrlari uchun sug‘urta badallari (ijtimoiy soliq) to‘langan bo‘lsada, bu davrlardagi, shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lganda qolgan summaning miqdori pensiya hisoblashda inobatga olinmaydi. Deputatlarning aytishicha, qabul qilinishi taklif etilayotgan ushbu tartib ish haqining miqdori, ish staji va pensiya miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlash orqali pensiya tizimida ijtimoiy adolatni qaror topishiga yordam beradi.
Shuningdek, ushbu tartib nafaqat 2023 yil 1 yanvardan keyin pensiyaga chiqadigan fuqarolar, balki 2023 yil 1 yanvardan oldin tayinlangan pensionerlar uchun ham taalluqlidir.
Majlisda ko‘rilgan barcha qonun loyihalari deputatlar tomonidan qabul qilindi.
M.Komilova, O‘zA