Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pensiyalar, nafaqalar eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emas
16:56 / 2022-06-30

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Asosiy qonunimizga qanday o‘zgartish va yangilanishlar kiritilmoqda? Ularning ahamiyati, mamlakat rivoji va xalq farovonligidagi o‘rni qanday? Aholi vakillari Bosh qomusimizni yanada hayotiy va xalqchil qilib takomillashtirishda qanday takliflarni bildirmoqda?

Bu kabi jihatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joylardagi uchrashuv va o‘rganishlarida eng ustuvor masala sifatida e’tibor qaratilmoqda. Xalq vakillari Konstitutsiyaning yangi loyihasini xalq bilan muhokama qilish jarayonida uning mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirish barobarida fuqarolarning hayotiy va o‘rinli takliflarini ham o‘rganmoqda. 

Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva farg‘onalik saylovchilar bilan uchrashuv davomida Prezidentimizning joriy yil 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ilgari surgan taklif va tashabbuslari hamda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonlari haqida ma’lumot berdi.  

– Taklif etilayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlarini, shu jumladan aholining ehtiyojmand qatlamlari huquqlarini Konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlashni kuchaytirishga oid normalar aks etgan, – dedi deputat M.Xo‘jayeva. – Xususan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayoti sifatini oshirishga, ular uchun jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ishtirok etish va o‘zining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rishi belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam ko‘rsatishning boshqa turlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligi mustahkamlanmoqda.  

Tadbirda qonun loyihasi bilan xotin-qizlarni ishga qabul qilishni rad etish, ularni homiladorligi yoki bolalari borligi bilan bog‘liq asoslarga ko‘ra ishdan bo‘shatish taqiqlanayotgani, bolalar mehnatining majburiy va boshqa eng yomon shakllaridan foydalanish qonunga binoan javobgarlikka sabab bo‘lishi qayd etildi.  

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqotda ishtirokchilar qonun loyihasi yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.  

Parlament quyi palatasi deputati To‘lqin Karimovning Andijon viloyatidagi uchrashuvlarida ham Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmuni, ahamiyati aholi vakillariga batafsil tushuntirildi.  

– Qonunchilik, jamiyatdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq jarayonlarda keng jamoatchilikning ishtiroki muhim mezonlardan biri hisoblanadi, – dedi T.Karimov Marhamat tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan tadbirda. – Shu bois ham bu kabi targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari tashkil etilib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartishlardan aholini xabardor qilish, fuqarolar tomonidan berilayotgan takliflarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, yanada takomillashtirilayotgan Bosh qomusimizning asosiy mazmun-maqsadidan xabardor bo‘lish aholining huquqiy madaniyatini oshirish barobarida ularga o‘z haq-huquqlari va manfaatlaridan samarali foydalanish imkonini beradi. Qolaversa, aholidan tushayotgan takliflar asosida Konstitutsiyamiz yanada puxta holga keltiriladi.  

Deputat shuningdek, tumanning «Guliston», «O‘qchi» MFY hamda «Rayyona tekstil» ishlab chiqarish korxonasida ham bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, tushuntirishlar olib bordi.  


 
Muhtarama Komilova, O‘zA