Mamlakatimizda pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, qariyalarga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, fuqarolarning davlat pensiya ta’minotini takomillashtirish hamda tizimda mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilgan “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ayni shu maqsadga qaratilgan.
Yaqingacha pensiyaga chiqish uchun 30 dan ortiq hujjat talab qilinardi. Ayniqsa, ularni taqdim etishga 14 dan ortiq idora tizimi ovora-yu sarson edi. Qanchadan-qancha qog‘oz, vaqt sarflanardi. Endi ana shulardan voz kechilib, hujjatlarni yig‘ish jarayoni to‘liq raqamlashtirilmoqda. Pensiya bilan bog‘liq murojaatlar yildan-yilga oshib borayotgani, tabiiyki, tizim faoliyatini soddalashtirishni taqozo etmoqda.
Mazkur qaror davlat pensiyalarini hisoblash uchun zarur elektron bazani shakllantirish, hujjatlarni yig‘ish jarayonini soddalashtirish, fuqarolarga pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini takomillashtirishda huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda. 2022 yilning 1 iyulidan davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi kabi qator hujjatlarni talab qilish bekor qilinmoqda. Shaxs faoliyatiga doir barcha ma’lumot Bandlikka ko‘maklashish markazlariga qarashli “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritiladi. Bu esa, tabiiyki, pensiyaga chiquvchilarga katta qulaylik yaratadi.
Aholiga zamon talablari darajasida pensiya xizmati ko‘rsatish, xodimlar mehnati samaradorligini oshirishda qulay shart-sharoit yaratish maqsadida “Namunali Pensiya jamg‘armasi bo‘limi”ni tashkil etish belgilangan. Bu esa tuman va shahar bo‘limlarining qulay sharoitga ega bo‘lgan bino va inshootlarda faoliyat yuritishi va ish samaradorligi oshishiga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, shu yilning 1 iyunidan boshlab pensiyalarni tayinlashda shaxsning ish haqi va mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi yuritilmagan davr – 2005 yildan avvalgi yillar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi mavjud yozuvlar asosida hech qanday tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanadi. Demak, pensiya hisoblash va tayinlashda fuqarodan ish stajini tasdiqlaydigan arxiv ma’lumotlari va idoralardan olinadigan faoliyatga oid hujjatlarni talab qilish tartibi bekor qilinadi.
Muxtasar aytganda, ushbu qarorda belgilangan bu kabi qulayliklar aholining pensiyaga chiqish jarayonida oylab idorama-idora sarson-sargardon bo‘lishining oldini olish, pensiya yoshiga yetgan ota-onalarimizning davlatdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qiladi.
Shoxruhbek NIYOZBEKOV,
Pensiya jamg‘armasi Toshkent shahar Yakkasaroy
tumani bo‘limi boshlig‘i